Yo‘llar qulay va doimo ravon bo‘lishi kerak
Har bir hududning qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlovchi jihat o‘sha hududning yo‘llari hisoblanadi. Keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida obodonchilik, bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda yo‘llar qurish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘plab yo‘llar joriy va kapital ta’mirlanib, yangi-yangi yo‘llar barpo etilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunda Andijon viloyatida 13 ming 346 kilometr avtomobil yo‘llari bo‘lib, shundan 2 ming 463 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li, 10 ming 882,8 kilometri esa ichki avtomobil yo‘llaridir. Mavjud yo‘llarning 269 kilometri sementbeton, 7 ming 542 kilometri asfaltbeton, 4 ming 458 kilometri shag‘al bilan qoplangan, 1 ming 77 kilometr masofadagi yo‘l esa tuproq yo‘llardir.
– Viloyatda turli toifadagi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Nurmatov. – Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida belgilangan dasturlar doirasida 696,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi, 1 ming 474,8 kilometr uzunlikdagi yo‘llar ta’mirlanib, holati yaxshilandi. Belgilangan reja 100,1 foizga bajarildi. Infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida 86,4 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 20,5 kilometr masofadagi shahar yo‘llari foydalanishga topshirildi. Jumladan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 69,4 milliard so‘m, shahar ko‘chalarini qurish-ta’mirlash bo‘yicha 9,5 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, erkin iqtisodiy zonalar hududidagi 0,5 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Buning uchun 7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash yo‘nalishida ham belgilangan ishlar yuz foizga bajarildi. Ya’ni 408,3 kilometr masofadagi avtomobil yo‘li ta’mirlandi. Buning uchun 151,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. “Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish” dasturi doirasida 303,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilib, 694,2 kilometr yo‘l ta’mirlandi. Dastur doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan 100,5 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar qo‘shimcha ravishda ta’mirlandi.
Viloyatda ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada chekka hududlardagi necha o‘n yillar davomida ta’mirlanmagan, yozda chang, qishda loy ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, ma’lum bir qismi asfaltlandi. Jumladan, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 113,5 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Shuningdek, mahallalarda birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar doirasida jami 238,3 kilometr, shundan 19,8 kilometr umumiy foydalanishdagi va 218,6 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, holati yaxshilandi. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda umumfoydalanish yo‘llaridagi 4 ta, ichki yo‘llardagi 10 ta ko‘prik ta’mirlandi. Ayni kunlarda viloyatda yo‘llarni ta’mirlash, holatini yaxshilash borasidagi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
[gallery-15029]
Yo‘lsozlarning bosh maqsadi, yo‘llarni ravon va tekis bo‘lishini ta’minlash orqali yurtdoshlarimiz hamda avtomobillar qatnovi uchun zarur sharoit, qulayliklar yaratishdir.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari