Yo‘limiz olis, maqsadlarimiz esa xayrlidir
Navro‘z Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib bormoqda. Qolaversa, xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyi bu yil yurtimizda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida o‘tmoqda. Navro‘z esa “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida kutib olinmoqda.
Ana shu jihatlarning o‘ziyoq yurtimizda azaldan meros bo‘lib kelayotgan insonparvarlik siyosatining yorqin namunasidir. O‘z navbatida, bu namuna barchamizga ezgu sa’y-harakatlar ishtirokchisi bo‘lish mas’uliyatini ham yuklaydi.
Gap yurtimizda ommaviy tus olgan, umumxalq harakatiga aylanib borayotgan saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik siyosati haqida borar ekan, bu borada davlat xizmatchilari alohida namuna ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Boisi, bugungi davlat xizmatchisi, avvalo, Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi bilan amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning asosiy ijrochisidir.

2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”, deb e’lon qilindi. Tabiat – tiriklik manbai, hayotimiz asosidir. Shunday ekan, global iqlim o‘zgarishlari ta’sirida atrof-muhitni asrash, unga odilona munosabatda bo‘lish asl qadriyatlarimiz o‘laroq, bugun yanada dolzarblik kasb etmoqda.
Biz bugun ona tabiatga munosabatimizni ham mamlakatimizda umummilliy harakatga aylangan bag‘rikenglik va saxovat falsafasi asosiga qurishimizni zamonning o‘zi talab qilmoqda.
Shuningdek, 2025 yil yurtimizda kambag‘allikni tugatish bo‘yicha hal qiluvchi yil bo‘lishi belgilandi. Kambag‘allik qanday tugatiladi? Avvalo, saxovatli va tadbirkor, tadbirli yurtdoshlarimiz ko‘magida. Demak, jamiyatdagi islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shish, ko‘makka muhtoj insonlarga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatish har birimizning kundalik amalimizga, ta’bir joiz bo‘lsa, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani ham belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy davlat fuqarolarga munosib turmush sharoiti yaratish, himoyaga, ko‘makka muhtoj kishilarga alohida e’tibor qaratish, odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun zarur vositalarni ishga solish, deganidir.
Yangi O‘zbekistonda bu tamoyil joriy yildan yangi bosqichda davom etmoqda. Bu jarayonda amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Shu kunlarda Prezidentimizning tegishli farmoyishi asosida tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil qilgan holda aholi daromadlarini oshirish, kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Dolzarb bir oylik” safarbarligi davom etmoqda.
Safarbarlik – umummilliy harakat. U insonlarni birlashtiradi, jamiyatda birdamlik muhitini yaratadi. Birgalikda ulug‘ maqsadlar sari yo‘l olish hissini kuchaytiradi.
Shu o‘rinda yana bir fikrni aytish joiz. Prezidentimiz bejiz yaratuvchanlik faslining ilk oyini saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik, obodlik va farovonlik, aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha safarbarlik tadbirlariga yo‘naltirmayapti. Zero, bu oy yil davomida biz ko‘zlagan maqsadlarimizga kuchli start beradigan, ta’bir joiz bo‘lsa, 2025 yilga mo‘ljallagan maqsadlarimizga ruhiy quvvat bag‘ishlaydigan kampaniya sifatida ko‘rilmoqda.
Shunday ekan, bu xayrli va ezgu tadbirlarda davlat xizmatchilari har ishda o‘rnak bo‘lishi kerak. Boisi, har bir ezgu ish boshida tashabbusli kishilar turgan. Tashabbus esa hamisha o‘z zamonasining ilg‘or fikrlovchi, ziyoli va ma’naviyati yuksak insonlari tomonidan o‘rtaga tashlangan, doimo qo‘llab-quvvatlangan.
Maryam Abdukarimova,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Toshkent shahar filiali mas’ul xodimi.