Yolg‘on reklamaning kasriga qolgan odamlar
Dono xalqimiz sinalmagan otning sirtidan o‘tma, degan naqlni bejiz aytmagan.
Ota-bobolarimiz bunday naqllarga amal qilib kam bo‘lishmagan.
Ammo zamon tezlashgani sari asrlar sinovidan o‘tgan naqllarni eslashga vaqtimiz yo‘qdek. Ularga bugungi kunda amal qilish uyoqda tursin, “eskilik sarqiti” qabilida qarashlar ham bor.
Shuning kasri bo‘lsa kerakki, qayerga qarasang aldanib, chuv tushib qolayotganlarni uchratish mumkin. Chiroyli va’dalar berilib, katta daromad, avtomashina yoki kvartira kabi moddiyatlar haqida xabar tarqatilsa, ko‘pchilikning qulog‘i ding bo‘lishi tayin.
Mana shu nafsi ochlik turli moliyaviy nayrangbozlar bozorini gullatdi. Ahmadboyu “oltmish oy”chilarga odamlar misqollab yiqqan mablag‘ini qo‘shqo‘llab tutqazdi.
Eng qizig‘i, aynan mana shu holatlar haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali juda ko‘p bong urildi. Shunga qaramay yolg‘on va’dalarga ishonib, aldanib qolayotganlar hamon uchrab turibdi.
Agentligimizga yo‘llangan navbatdagi murojaatda Navoiy viloyatidan bir guruh fuqarolar avtomashina ilinjida xususiy tadbirkorga pul to‘lagani, biroq mashinadan darak bo‘lmaganiyu, to‘lagan pullarini ololmayoganini bayon qilishgan.
Yuqorida “oltmish oy”chilarni bejiz tilga olmadik. Chunki aynan “Avto oltmish oy” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullari minglab fuqarolarni aldab, pullarini tuya qilgan edi. Jamiyat rahbari J.B. va boshqalarga nisbatan sud hukmi o‘qilib, ular uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Navoiy shahrida faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor G.A. ham aynan shu holatni takrorladi. U ham fuqarolarga besh yilga avtokredit ochganiyu, mashina bir necha kunda keltirib berilishini aytgach, yuzlab kishilar unga 30-40 million so‘mdan pullarini keltirib berishadi. Biroq, ularga avtomobil olish nasib qilmagan.
Murojaatchilardan biri Xurshida Bafoyevaning aytishicha, mashinadan darak bo‘lavermagach odamlar tadbirkor faoliyati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishgan. Shunda firma yopilgani ma’lum bo‘lgan. Odamlar esa aldanganini tushungan va tadbirkorni sudga bergan.
Ushbu holat bo‘yicha 2020 yilda bir necha marta sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan. Tabiiyki, zarar ko‘rgan fuqarolarning yo‘qotgan mablag‘ini qaytarish haqida sud qarori chiqarilgan. Dastlabki suddan keyin fuqarolarga to‘lagan mablag‘ining 45 foizi undirib berilgan.
Faqat qolgan mablag‘larni undirish hamon muammoligicha qolmoqda. Fuqarolar qolgan mablag‘ni undirish bo‘yicha yuqori sudga va boshqa tashkilotlarga tinmay murojaat qilib kelmoqda. Biroq... Fuqarolarga berilishi kerak bo‘lgan 250 million so‘mni undirish chorasini hech kim topib bera olmayapti.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimiga ko‘ra, ushu firibgarlikka oid ish bo‘yicha aybdorlarga jazo ham tayinlangan. Firmaga aloqador besh kishidan ikki nafari ozodlikdan mahrum etilgan, uch nafarining ozodligi cheklangan.
Ushbu ishga oid hujjatlarda 60 nafarga yaqin shaxs “besh yilga foizsiz kredit evaziga avtomashina!” degan balandparvoz, yolg‘on reklamaga ishonib soxta tadbirkorga mablag‘ini topshirgan.
Shuncha odam aldanib qolgunicha ana shu yolg‘on reklama Navoiy shahri ko‘chalaridagi katta-katta tablolarda yuz, balki ming martalab aylangan. Ammo, afsuski, uning rost yoki yolg‘onligi hech kimni qiziqtirmagan. Vaholanki, shu reklamalarni nafaqat oddiy odamlar, balki mas’ullar, huquq-tartibot organlari rahbarlari ham ko‘rgan. Foizsiz kredit, degan so‘zlarning o‘zidanoq yolg‘on hidi kelib turgan bu ishni to‘xtatuvchi mard topilmagan.
Qonunga ko‘ra esa yolg‘on reklama tarqatish taqiqlanadi!
Albatta, har qanday masalada sud oxirgi nuqtani qo‘yadi. Aldangan, mablag‘idan ajralgan fuqarolarga yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha sud qarori bor. Ammo uni oxirigacha undirishga kelganda ish yillar osha oqsab kelmoqda. Jabrlanuvchilar esa huquqi tiklanishini istaydi.
Qonun, sud, ijro... Hammasi risoladagidek. Faqat odamlar aldanib qolishiga tomoshabin bo‘lgan mas’ullar, yolg‘on reklamaga chek qo‘ymagan huquqbonlar harakatsizligi risoladagidek emas!
Nega odamlar xotirjam yashashiga, huquqlari ta’minlanishiga mas’ul qilib qo‘yilgan shaxslar bunday holatlarda tomoshabin bo‘lib qolaveradi?
Norgul Abduraimova, O‘zA