Yo‘l xo‘jaligi sohasi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, Transport vazirligi – yo‘l xo‘jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi, kadrlar tayyorlash, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida standartlarni joriy etish va nazorat tizimini takomillashtirishni ta’minlaydi hamda sohada izchil islohotlarni amalga oshiradi.
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi -avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va tabiiy ofatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yagona buyurtmachi hisoblanadi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, saqlash va jihozlash, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi hamda yo‘l xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etadi.
Transport nazorati inspeksiyasi - yo‘l-qurilish ob’ektlarida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi hamda avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Mahalliy hokimliklar - shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llarini saqlash, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish hamda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi.
Mustaqil muhandis konsultantlar - yo‘l qurilishi ob’ektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlarini Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Loyiha va pudrat tashkilotlari - "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi hamda Davlat xaridlari elektron tizimi orqali o‘tkaziladigan xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati - yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini yo‘l harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlash ishlarini ta’minlaydi, shuningdek, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini yo‘l harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlash ishlarini o‘rnatilgan tartibda muvofiqlashtirib boradi.
O‘zA