Yo‘l posbonlari — kubok sohibi
Jizzax viloyatining IIB xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha viloyat boshlig‘i kubogi uchun musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi. So‘nggi yillarda sohada jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bo‘lim va bo‘linmalar jamoalari ishtirok etgan bellashuvlar qizg‘in, murosasiz va tomoshabop ruhda kechdi. Ayniqsa, final o‘yinlari ishtirokchilarning tayyorgarligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etdi. Sport nafaqat salomatlik garovi, balki jamoaviylik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlovchi muhim omil ekani yana bir bor isbotlandi.

Yakunlovchi taqdirlash marosimida viloyat YHXB boshlig‘i podpolkovnik Alimaxammat Saydaxmatov so‘zga chiqib, xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishi xizmat samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni “Yo‘l posbonlari” jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin “Moliyachi”, uchinchi o‘rin esa “Lochinlar” jamoasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlarga diplom, medallar, kubok hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, musobaqani xolis boshqargan hakam ham munosib rag‘batlantirildi.

Sabohat Davlatova, Jizzax viloyati IIB
Axborot guruhi mutaxassisi
O‘zA