Yiliga 10 million gektar yashil o‘rmonzor yo‘qolmoqda
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan respublikamizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishida joriy etilgan moratoriy masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2020 yillar davomida yashil o‘rmonzorlarning yo‘qolib ketish sur’atlari yiliga 10 million gektar, deb baholanmoqda. 100 million gektardan ortiq o‘rmonlar yong‘inlarning salbiy ta’siriga, turli kasalliklar, cho‘llanish hamda iqlimning noqulay sharoitlariga uchramoqda.
Anjumanda mamlakatimizda o‘simlik dunyosi, xususan daraxtlarning noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, respublikamizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Shu bilan birga, har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiyati kiritildi.
Moratoriy davrida 5 ming 609 jismoniy va yuridik shaxslar 258 ming 29 tup davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butani kesishga ruxsat so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa, 182 ming 648 tup, shundan 91 ming 54 tup sharq chinori, eman, qrim qarag‘ayi, chinorsimon zarang, kashtan, shumtol, turang‘il hamda boshqa 20 turdan ortiq qimmatbaho daraxt va butaning kesilishi rad etildi.
Joriy yilning 4 oyi davomida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 ming 14 ta qonun buzilish holati aniqlangan bo‘lib, 2 ming 795 tup, shundan 1 ming 313 tup qimmatli daraxt noqonuniy ravishda kesilganligi, 619 tup daraxt shikastlantirilganligi sabab huquqbuzarlarga nisbatan 2 milliard 514 million so‘m ma’muriy jarima belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA