Yigirma yillik muammoga yechim topildi
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashib, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlari ta’minlab kelinmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Mingbuloq tumani adliya bo‘limiga fuqaro Akobir Salimov murojaat qilib, 2004 yilda tug‘ilganligi, 20 yoshga yetgan bo‘lsa-da, hozirga qadar tug‘ilganlik guvohnomasi olmaganligi, bu borada bir necha marotaba davlat idoralariga murojaat qilganiga qaramay, muammosi ijobiy yechim topmaganligini bayon qilgan.
– Ushbu murojaat ish yurituviga olinib, o‘rganish davomida aniqlangan holatlar va taqdim etilgan hujjatlarga asosan A.Salimovning manfaati yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga tug‘ilganlik faktini belgilash yuzasidan ariza kiritildi, – deydi Mingbuloq tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Halimjon Qobilov. – Mazkur ariza sud majlisida ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, Salimov Akobir Baxtiyorjon o‘g‘lini 2004 yil 8 avgustda tug‘ilganlik fakti tasdiqlandi.
Sud qarori asosida tuman adliya bo‘limi Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish idorasi tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma Akobir Salimovga tantanali ravishda taqdim qilindi. Natijada yigirma yillik muammoga qonuniy yechim topildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.