YeXHTning amaldagi raisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi aloqalarning dolzarb masalalari, shuningdek, O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlarining joriy holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Linde xonimga mamlakatimizda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, davlatimiz tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston YeXHTni keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha siyosiy muloqot uchun noyob xalqaro platforma, deb bilishi hamda Shvetsiyaning mazkur tashkilotga raisligi davrida xavfsizlikning har uchala o‘lchovidagi ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
[gallery-2013]
Suhbat chog‘ida Afg‘oniston yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya tuzish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Muzokara davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA