YeXHT DIIHB delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) vakillarini qabul qildi.
Delegatsiyaga 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasiga rahbarlik qilgan Eogan Merfi boshchilik qildi.
O‘zbekiston bilan DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va rivojlanish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YeXHT tarkibidagi barcha tuzilmalar, jumladan, DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Byuroning saylovlarni kuzatish bo‘yicha to‘liq, keng miqyosdagi missiyalari 2019 yil parlament, 2016 va 2021 yillari Prezident saylovida ishtirok etdi.
Eogan Merfi ikki tomonlama sheriklikning bugungi sur’atini, xususan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qonunchilikni xalqaro standartga muvofiq takomillashtirish yo‘nalishlaridagi aloqani yuqori baholadi.
Suhbat chog‘ida 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasi yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalarning ijro etilishi yuzasidan fikr almashildi. Ayni yo‘nalishda konstruktiv hamkorlikka bundan keyin ham o‘zaro tayyorlik bildirildi.

DIIHB delegatsiyasiga Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan va ilgari faol surilayotgan, Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish imkonini bergan tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
DIIHB vakillari ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, turli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish orqali kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
U.Mahmirzayev,
O.G‘ulomov (surat),O‘zA