Yevropaning “kasal kishisi”ga yangi muhlat berildi
Yevropa Ittifoqi 10 aprel kuni kechki payt o‘tkazgan favqulodda sammitida Ittifoqdan chiqish borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Buyuk Britaniyaga 31 oktyabrgacha Breksitni yakunlashga muhlat bergan.
Yevropa Ittifoqi 10 aprel kuni kechki payt o‘tkazgan favqulodda sammitida Ittifoqdan chiqish borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Buyuk Britaniyaga 31 oktyabrgacha Breksitni yakunlashga muhlat bergan. Aks holda shanbaga o‘tar kechasi Britaniyani “keskin breksit” kutayotgan bo‘lardi. Ochig‘ini aytganda Breksit jarayoni cho‘zilib ketdi.
London va Bryusselning Buyuk Britaniyani YEIdan chiqishi to‘g‘risidagi muzokaralar 2017 yilning yozida boshlangandi. Bunga 2016 yilda Birlashgan Qirollikda o‘tkazilgan referendumda 51,9 foizlik marra bilan Yevrointegratsiyaga qarshi kuchlarning qo‘li baland kelgani sabab bo‘lgandi. Brexit 2019 yil 29 mart kuni bo‘lib o‘tishi, keyin o‘tish davri boshlanishi kerak edi. Ammo Britaniya parlamentining YEI bilan kelishuvni ratifikatsiya qilmagani jarayonni “lag‘mon” cho‘zgandek cho‘zib yubordi.
Breksitni ortga surish shartlariga ko‘ra, Britaniya berilgan muhlatni oxirigacha kutishi shart emas. Agar Jamoalar palatasi Yevropa Ittifoqidan chiqish to‘g‘risidagi avval o‘zi uch marta rad qilgan kelishuvni ratifikatsiya qilsa rasman YEIdan chiqib ketishi mumkin.
“Britaniyalik do‘stlarimga murojaat qilmoqchiman. Eng yaxshi qarorga kelish uchun yetarli vaqt berildi. Iltimos, vaqtni behudaga o‘tkazmang” dedi Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk. Uning fikricha, bu muddat ichida Britaniya yo Breksit bo‘yicha yangi referendum o‘tkazib YEI doirasida qolishi yoki tashkilotni tark etishi lozim. O‘tkazilgan matbuot anjumanida Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 22 maygacha ratifikatsiya ishlarini yakunlashga va'da berdi. Aftidan, Mey xonim Britaniya deputatlarining hujjatni tasdiqlashi evaziga hukumat rahbari lavozimidan ketish shartini bajaradigan ko‘rinadi. YEI rasmiy Londonga 31 oktyabrgacha muhlat berishining bir sababi bor. Chunki may oyining oxirida Yevropada parlament saylovlari o‘tkaziladi. Shu asosda 2019 yilning 1 noyabridan yangi parlament va yangi Yevrokomissiya ish boshlaydi. YEI Londonning shu muddatgacha yagona to‘xtamga kelishini istaydi.
Agar yaqin haftalarda Tereza Meyning YEIni tark etish borasidagi orzulari ro‘yobga chiqmasa, parlament kelishuvni ratifikatsiya qilmasa, u holda Buyuk Britaniya may oyi oxiriga mo‘ljallangan Yevroparlament saylovida ishtirok etishi lozim. Birlashgan Qirollikning boshqa yo‘li yo‘q. Aslida 31 oktyabrgacha bo‘lgan muddat Qirollik siyosiy partiyalari, parlament va hukumatning bir to‘xtamga kelishi uchun yetarli muddat.
Biroq Britaniyaning YEI bilan munosabatlarini bir maromga solmagan holda tashkilotni tark etish yoki “breksit”ni bekor qilish variantlari ham yo‘q emas. Variantlarning har qaysisi nafaqat Britaniya iqtisodiyoti uchun, balki butun Yevropa uchun ulkan ahamiyati bor. Ammo, qirollik parlamenti – Jamoalar palatasi bugun palata nima xohlayotganini o‘zi bilmaydi, ular xalq tanlovini hurmat qilayaptimi yoki ular ustidan kulayaptimi, buni ham tushunish qiyin.
Aslida 29 mart kuni mamlakat YEI bilan munosabatlarni izga sololmagan holda tashkilotdan chiqib ketishi kerak edi. Tashkilotga qarshi keskin kayfiyatdagi siyosatdonlar, jumladan, sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson kabilarning aytishicha, bunday tartib halokatga olib kelmaydi, oxir-oqibatda Britaniya iqtisodiyotiga foyda keltiradi. Agar oddiy odamlarning fikriga quloq tutsangiz, deb yozadi, “San” gazetasi, ularning ko‘pchiligi “breksit” nihoyat yuz berishini istaydi. Odamlar siyosiy o‘yinlardan charchagan.
Breksit Birlashgan Qirollikni ushlab turgan ustunlar muayyan muddat darz ketayotganligini yaqqol namoyish etdi. Ayrim vaqtlarda qirollik sun'iy nafas oldirilayotgan kasal kimsaga o‘xshab qoldi. Yevropa Ittifoqidan chiqish borasidagi qarashlar tufayli Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ittifoqi bevosita xavf ostida qoldi.
To‘g‘ri, Britaniya Qirolligining to‘rtta millati o‘rtasida har doim siyosiy nifoq bo‘lgan, ammo Breksit tufayli u tobora ochiqroq namoyon bo‘ldi. Chunki Angliyadagi siyosiy doiralardan tashqari boshqa davlatlar Yevropa yagona oilasidan chiqishni istashmagandi. Vestminstrdagi hozirgi boshi berk ko‘cha Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ittifoqiga tahdid solayotgani yuzasidan turli g‘oya va qarashlarga ega siyosatchilarni cho‘chitib qo‘ydi.
Chinakam konservator va Yevrointegratsiyaga qarshi siyosatchi Jekob Riz-Mogg xavotir bildirayotganlardan biri: «Ittifoq uchun ikkita bosh xavf bor – bu Birlashgan Qirollikning Yevropa Ittifoqidan chiqishi to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘zda tutilgani kabi Shimoliy Irlandiyaning Buyuk Britaniyadan ajralishi, ikkinchisi, Shotlandiya mustaqilligi masalasi bo‘yicha takroriy ovoz berish chaqiriqlarini qonuniylashtirish tahdidi».
Shubhasiz, Britaniya fuqarolarining fikri ikkiga bo‘lindi va bu tafovut Birlashgan Qirollikning to‘rtta mamlakati siyosatida yorqin ko‘zga tashlanadi. Angliyada Birlashgan Qirollikning eng boy va aholi zich shahri hamda poytaxti London mamlakatning boshqa qismlaridan sezilarli ajralib turadi. Aynan Londonda Breksitni to‘xtatish mumkin bo‘lgan ikkinchi referendumni o‘tkazish kampaniyasi boshlangan. Ammo aynan ingliz saylovchilari Buyuk Britaniyaning YEIdan chiqishi borasidagi kampaniyaning g‘alabasini ta'minlaganlar. Bu nafaqat Angliya ichkarisida, balki butun ittifoq doirasida ham keskinlik yaratadi: inglizlar ittifoq ichkarisida eng katta siyosiy ta'sirga egalar va ko‘pincha aynan ular barchaning manfaatiga daxldor siyosatni belgilaydi.
Breksit xususida gapiradigan bo‘lsak, Birlashgan Qirollikning YEI tarkibida qolishini xohlaydigan Shotlandiya fuqarolari fikricha, Angliya barchaning maqsadiga zid ravishda ularni Yevropa hamjamiyatidan olib chiqmoqchi. Shu sababli Shotlandiyada Birlashgan Qirollikdan chiqish xohishi kuchli.
Ajralish ifori Shotlandiyada yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Shotlandiya millatchi partiyasi shubhasiz, mamlakatning mustaqilligi borasida ikkinchi referendumni o‘tkazishga va Yevropa Ittifoqiga mustaqil davlat sifatida kirishga urinadi. O‘z navbatida shotlandiyalik konservatorlar mamlakat iqtisodiyotini himoya qilish, bir vaqtning o‘zida ittifoqni saqlab qolish maqsadida Breksitning yumshoqroq ko‘rinishini afzal ko‘radilar — aynan shular ularning ingliz konservatorlari bilan fikrlari to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar.
Breksit yuqori nuqtasi yaqinlashgani sayin siyosiy elita faollashmoqda. Hozir eng muhim narsa bu jamoatchilikni ittifoqni saqlab qolish zarurligiga ishontira olishi kerak, aks holda Britaniya ichkarisida parchalanish jarayonlari davom etaveradi. Agar sun'iy nafas olayotgan organizmni qutqarib qolinmasa, apparatdan o‘chirilgan kasal kimsa intihosiga ayrimlargina ko‘z yoshi to‘kib qolaveradi.
Aslida Yevropa Ittifoqi G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bir-biriga qarshi urushga kirishmasliklari uchungina tuzilmagan. U shuningdek, demokratiya shabodasidan va qonun ustuvorligi hokimiyatidan to‘yib-to‘yib nafas olish, yana ozodlikdan mahrum bo‘lmaslik, diktator rejimlar ta'siriga tushib qolmaslik uchun ham tuzilgan. Britaniya xalqi ham bu g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo buyuklik maqomidan kelib chiqib mustaqilligining bir qismidan mahrum bo‘lishni, milliy davlatlar ustidan nazorat qiladigan tuzilmalarga tobe bo‘lishni istamadi. U hech qachon ishg‘ol etilmagan orol davlat. 1066 yildagi Vilgelm Bosqinchi davridan beri bosqinga uchramagan. Uning parlament tizimi va qonunlar ustuvorligi XVII asrdagi Oliver Kromvel davridan beri buzilmagan. Mana shunday yuksak maqomdagi davlat ichki va tashqi siyosati tizginini qo‘ldan berishni istamayapti. Demak, 2019 yilning 31 oktyabrigacha Yevropa hamjamiyatining Birlashgan Qirollik bilan ittifoqiga yakun yasaladi.