Yevropa kutubxonalarida qanday noyob qo‘lyozmalarimiz saqlanmoqda? (+Video)
Yurtimizdagi noyob qo‘lyozmalar turli sabablarga ko‘ra Yevropadagi kutubxonalarda saqlanmoqda. Ularni o‘rganish va yurtimizga qaytarish bo‘yicha O‘zbekistonlik olimlar tomonidan sa’y-harakatlar boshlangan.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoz Xalliyeva ikki yildirki Yevropa kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni o‘rganish bilan mashg‘ul.
Ushbu qo‘lyozmalarni Yevropaga borib qolish sabablari hamda ularni yurtimizga qanday qilib qaytarish, ulardan foydalanish kabi o‘zimizni qiziqtirgan savollarga olimadan javoblar oldik.
— Xorijdagi qo‘lyozmalarni o‘rganish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
— Peterburgda ilmiy ishimni yozish jarayonida yurgan paytlarim Yevropadan kelgan olimlar bilan suhbatlashib qoldim. Ular, “Bizni kutubxonalarimizda sizlarni qo‘lyozmalaringiz juda ko‘p, lekin hech kim borib o‘rganmaydi”, deyishdi. Shundan so‘ng menda Yevropa kutubxonalarida saqlanayotgan noyob xazinalarimiz ya’ni qo‘lyozmalarimizni o‘rganish g‘oyasi tug‘ildi va bu g‘oya uyqu bermay qo‘ydi.
O‘zbekistonga qaytgach, g‘oya ustida bir yil o‘tirib ishladim, tuzgan rejamni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga topshirdim. Ular loyihani qo‘llab-quvvatlashdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida noyob qo‘lyozmalarni o‘qiy oladigan mutaxassislar ishlagani bois ushbu loyihani amalga oshirish uchun grant ajratilib, guruh tuzildi. Loyiha “Yevropada saqlanayotgan ammo O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning elektron platformasini yaratish”, deb nomlandi.
— Bu loyihani amalga oshirish uchun Yevropa davlatlaridan qanday ruxsat olindi?
— Qo‘lyozmalarga davlatimiz siyosati darajasida ahamiyat qaratilgan. Prezidentimizning qator farmonlari, qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari aynan chetda turgan bizga oid madaniy ma’rifiy obidalarimizni qaytarishga qaratilgan.
Qaytarishni ikkita yo‘li bor, birinchisi kitoblarni O‘zbekistonga olib kelish, ikkinchisi hech bo‘lmaganda o‘rganish yo‘li bilan qaytarish. Biz ikkinchi yo‘lni tanladik. Loyiha doirasida Yevropa davlatlaridagi kutubxonalarda ishlash bo‘yicha bir nechta davlatga rasmiy xatlar yubordik. Ularning deyarli barchasidan ijobiy takliflar kelgach, biz loyiha a’zolari bilan Yevropa kutubxonalariga yo‘l oldik. Birinchi harakatimiz Vengriyadan boshlangan. So‘ng Germaniya, Fransiya, Finlyandiya davlatlarida bo‘ldik.
— Siz ko‘proq qanday qo‘lyozmalarni o‘rgandingiz?
— Men aynan filologik qo‘lyozmalar ustida ishladim. Ya’ni til va adabiyotga doir, qisman tarixiy qo‘lyozmalarni ham ko‘zdan kechirdim.
— O‘rganishlar davomida yurtimizga tegishli qancha noyob qo‘lyozmalar borligi aniqlandi?
— Yurtimizga tegishli 117 ta yangi qo‘lyozmani topdik va platformamizda ularning ro‘yхati hamda qisqa tasnifini ham berdik. Ushbu tasnifda qo‘lyozmaning nomi, muallifi, qachon ko‘chirilgani, nima haqdaligi, boshlanishi va oxiri qanday tugashi, qaysi nomerda saqlanishi kabi umumiy ma’lumotlar bor.
Yevropadagi kutubxonalarda hali 10 yillar davomida o‘rganishga arziydigan qo‘lyozmalarimiz turibdi. 117 ta qo‘lyozma topildi degani bu kelajakda shuncha ilmiy ish degani. Ayrim joylarda ularni faqatgina 5 varog‘ini rasmga olishga ruxsat berishdi. Ammo Germaniya bilan Fransiyaga qoyil qoldim, ular qo‘lyozmalarning barcha varoqlarini suratga olishga ruxsat berishdi. Natijada XIX asrda yashab ijod etgan Xorazm shoiri, adibi, tarixchi va faylasufi Bobojon Sanoiyning “Maorifun Nasaf” asarini hozirgi yozuvimizga o‘girib, 100 nusxasini chop ettirishga erishdik.
Ikkinchi noyob kitobimiz “Nasihatnomai Shoxi”, deb ataladi. Bu kitob XV asrda yashab ijod etgan olim, shoir, faylasuf Xusayn Xorazmiyga tegishli. Xorazmiy ma’lum muddat Xorazmda, Samarqandda yashagan. Eng xayrli ishlaridan biri Samarqandda ko‘zi ojiz insonlar uchun madrasa qurdirgan.
— Sharq qo‘lyozmalarini Yevropaga chiqib ketish sabablari nimada?
— Ikkita muhim tomoni bor bu masalani. Birinchisi bosqinchilik. Bu ko‘proq Rossiya bosqini bilan bog‘liq. 1864 yildan boshlab Toshkent, Buxoro, Xiva xonliklari egallanganidan so‘ng u yerdagi asori-atiqalar bilan birgalikda qo‘lyozmalarimiz ham San- Peterburg kutubxonalariga olib ketilgan.
Noyob qo‘lyozmalarimiz Yevropaga esa Rossiya orqali borib qolgan. Chunki Rossiyadagi ayrim olimlar o‘zlarining shaxsiy kutubxonalaridagi asarlarni sotishgan. Ikkinchisi shved, italyan, golland, polsha kabi davlatlarning diplomatlariga qo‘lyozmalarimiz tuhfa qilingan, ba’zida ular sotib olib, shaxsiy kolleksiyalarini boyitishgan. Davr o‘tib, qo‘lyozmalarni kutubxonalarga topshirgan.
— Bu ma’lumotni to‘g‘riligini qayerdan bilish mumkin?
— Barcha davlatlarda kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozmalarning ruyxati bo‘ladi. O‘sha ru‘yxatda salkam 5-10, ba’zida 50 betgacha so‘zboshi yoziladi. So‘zboshida qo‘lyozmalar qanday olingani va qanchaga sotib olinganicha yoziladi.
— Qo‘lyozmalarni o‘rganayotgan paytingizda xayolingizdan nimalar o‘tadi?
— Eng avvalo qaniydi shu qo‘lyozmalar yurtimizda bo‘lsa, degan xayol o‘tadi. Finlyandiya kutubxonasida “Firdavsul iqbol” degan juda ham noyob qo‘lyozmaga duch keldim. Xorazm tarixiga oid asar. Dunyoda 9 ta nusxasi bo‘lsa eng zo‘ri Finlyandiyada. Shu qo‘lyozmani oxirgi kunimgacha bergim kelmadi. Bizni davlatimiz pulga sotib olsa bo‘ladimi, deb so‘radim. “Bu bizni mulkimiz endi, sotilmaydi, faqat kelib, bemalol o‘rganishingiz mumkin, bunga hech qanday qarshiligimiz yo‘q”, deyishdi.
— Oldingizda yana qanday qo‘lyozmalarni o‘rganish maqsadi turibdi?
— Polshada turkiy qo‘lyozmalar jamlanmasidan iborat 21 ta fond bor ekan. O‘sha fonddagi qo‘lyozmalarni o‘rganishga ulgurmadim, vaqt yetmadi. Varshava shahrida Fuzuliyni eng qadimgi qo‘lyozmasini topib oldim. Fuzuliy vafotidan 20 yil o‘tib ko‘chirilgan qo‘lyozma ekan. Avstriyada noyob giyohlarga tegishli, Shvetsariyada qazilma boyliklari haqidagi kitoblarni ko‘rdim. Qayerda qancha o‘rganilishi kerak bo‘lgan qo‘lyozmalar borligini bilib oldim.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VO6EJ2k4o3o?si=mmchaXLKMl5vet4O" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bu qo‘lyozmalarni bizni ajdodlarimiz yozgan. Yillar ketsa ketsin lekin ularni to‘xtamasdan o‘rganishni davom ettirishimiz shart. Buning uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilishi va maxsus guruhlar tuzilib, qo‘lyozmalarni o‘rganishni davom ettirish kerak.
Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov (Video), O‘zA.