Yevropa Kengashi prezidenti bosh maslahatchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Bryussel shahrida Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan uchrashdi.
Suhbat davomida tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi O‘zbekiston – Yevropa hamkorligiga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqani rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha muzokara jarayonini jadallashtirish, xavfsizlik sohasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqalararo aloqa ko‘lamini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
“O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Afg‘onistondagi bugungi vaziyatning mintaqaviy xavfsizlikka ta’siriga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda jahon hamjamiyati sa’y-harakatini birlashtirish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati