Yetti pir — yetti ma’naviy xazina
Ba’zi manzillar borki, ularga oddiy sayyoh sifatida kirib borib bo‘lmaydi. U yerga inson avvalo qalbi bilan qadam qo‘yadi. Ziyoratgohlardagi sukut, asrlardan so‘zlovchi me’moriy obidalar, ajdodlardan qolgan ma’naviy meros va insonni ezgulikka chorlovchi o‘gitlar har qanday mehmonni o‘yga toldiradi.
Buxoro ana shunday muqaddas zaminlardan biridir. Asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat, tasavvuf va islom sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan bu zamin bugun ham dunyo ahlini o‘ziga chorlamoqda. Ayniqsa, ziyorat turizmini rivojlantirish, buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Buxoroning sayyohlik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, yurtimizning islom sivilizatsiyasidagi beqiyos o‘rnini dunyoga keng namoyish etishga alohida e’tibor berilmoqda. Buxorodagi Bahouddin Naqshband majmuasiga yuksak e’tibor qaratilayotgani, xorijiy davlat rahbarlari va delegatsiyalarining bu qadamjolarni ziyorat qilishi ham bugungi jarayonning xalqaro ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ana shu ezgu ishlar davomida Buxoro yana bir nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda.
Joriy yilning 17–23-sentabr kunlari Jahon so‘fiylar markazi tashabbusi bilan Buxoroda “VI International Naqshbandi Tourism Festival 2026” — VI Naqshbandiy xalqaro turizm festivali o‘tkazilmoqda. Uning doirasida esa Malayziya, Indoneziya, Rossiya, AQSH, Bangladesh va Pokiston kabi davlatlardan kelgan mehmonlar Buxoroning tarixiy-madaniy va ziyorat turizmi salohiyati bilan tanishmoqda. Tadbirning muhim jihatlaridan biri — xorijlik mehmonlarga Buxoroni faqat tarixiy shahar sifatida emas, balki yuksak ma’naviy meros, ilm-fan va tasavvuf an’analari mujassam bo‘lgan muqaddas maskan sifatida namoyon etishdir.


Festival doirasida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ham Naqshbandiylik an’anasining tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi o‘rni muhokama qilindi. Bu esa festival turizm tadbiri doirasidan oshib, ilmiy va ma’rifiy muloqot maydoniga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Festival mehmonlari uchun Buxoroning eng mashhur ziyorat yo‘nalishlaridan biri — “Yetti pir” bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Xorijlik mehmonlar dastlab Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy hamda Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Xoja Sayyid Amir Kulol ziyoratgohlarida bo‘ldi. Har bir ziyoratgohda mehmonlarga ulug‘ allomalarning hayot yo‘li, diniy-ma’rifiy faoliyati, inson kamoloti va ruhiy tarbiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumotlar berildi. Bu yerda mehmonlar uchun eng katta kashfiyot — tarixning quruq raqamlar yoki sanalardan iborat emasligini his qilish bo‘lsa ajab emas. Zero, bu qadamjolarning har birida asrlar davomida shakllangan ma’naviy tajriba, insonni ezgulikka, halollikka, kamtarlikka va ilmga chorlovchi g‘oyalar mujassam.
Sayohatning eng ta’sirchan manzillaridan biri, shubhasiz, buyuk mutasavvif Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratgohidir.
Naqshbandiya tariqati asoschisi sifatida tanilgan Bahouddin Naqshband nomi asrlar davomida nafaqat Movarounnahr, balki butun islom olami ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutib kelgan. Bugun ushbu qadamjo majmua, maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga olgan yirik ziyorat maskani sifatida namoyon bo‘lmoqda.


Xorijlik mehmonlarning bu yerda ziyorat amallarini ado etishi esa bir haqiqatni yana bir bor namoyon etmoqda: ma’naviy merosning tili va millati bo‘lmaydi. Inson qalbiga yo‘l topadigan ezgu g‘oyalar chegara bilmaydi.
“Yetti pir” ziyorat yo‘nalishi o‘zining betakrorligi bilan ajralib turadi. Unda bir necha asrlar davomida yashab, ilm-ma’rifat va tasavvuf taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar hayoti va merosi bir yo‘nalishda mujassam.
Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniydan boshlanib, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Xoja Sayyid Amir Kulol va Xoja Bahouddin Naqshband kabi buyuk siymolar merosiga tutashadigan bu ziyorat yo‘li Buxoroning eng muhim ma’naviy-turistik brendlaridan biriga aylanib bormoqda.
Bugun ziyorat turizmiga faqat sayyohlikning bir yo‘nalishi sifatida qarash kamlik qiladi. Bu — tarixni o‘rganish, ma’naviy merosni anglash, xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni kuchaytirish, yangi do‘stlik ko‘priklarini barpo etish imkoniyatidir. Ayni vaqtda ziyorat turizmining rivojlanishi mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham yaratadi. Mehmonxona va oilaviy mehmon uylari, transport, umumiy ovqatlanish, hunarmandchilik, gidlik, savdo va boshqa xizmatlar rivojlanishi natijasida aholi daromadlari ortishi uchun sharoit kengayadi. Shu ma’noda har bir xorijlik mehmonning Buxoroga tashrifi — tariximizni dunyoga tanitish bilan birga, hudud iqtisodiyoti uchun ham yangi imkoniyat demakdir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda tarixiy va muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ularni obod qilish va dunyoga tanitish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Buxoroda ham tarixiy merosni zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Davlat rahbarining 2026-yil avgust oyida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilgani ham ushbu qadamjoning milliy va xalqaro ma’naviy hayotimizdagi yuksak o‘rnini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, bugun Buxoroga kelayotgan xorijlik mehmonlar ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, uning mazmun-mohiyatini bevosita his qilmoqda.
“Yetti pir” yo‘li — shunchaki ziyoratgohlarni birlashtirgan turistik yo‘nalish emas. U — asrlar osha bizga yetib kelayotgan ma’naviy sado. Bu sado insonni ilmga, ezgulikka, bag‘rikenglikka, mehnatga va poklikka chorlaydi. Bugun uni Malayziya, Indoneziya, Rossiya, AQSH, Bangladesh va Pokistondan kelgan mehmonlar ham eshitmoqda.
Shu bois Buxoroda o‘tayotgan Naqshbandiy xalqaro turizm festivalini oddiy sayyohlik tadbiri deb baholab bo‘lmaydi. U — Buxoroning dunyo bilan ma’naviy muloqoti, ajdodlar merosining yangi avlodlar va yangi mamlakatlarga qayta tanitilishi, turli xalqlarni ezgulik va ma’rifat atrofida birlashtiruvchi muhim maydondir. Zero, tarixiy obidalarni ko‘rish mumkin. Ammo ularda mujassam ma’naviyatni his qilish — inson qalbida qoladigan taassurotdir.
Bugun “Yetti pir” yo‘llarida qadam tashlayotgan xorijlik mehmonlar Buxoroning tarixinigina emas, uning qalbini ham kashf etmoqda. Buxoroning eng katta boyligi esa ana shu — asrlar o‘tsa-da, insonni ezgulikka chorlashdan to‘xtamaydigan ma’naviy xazinasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri