Yetti ming ish oʻrni yaratiladi
Namangan viloyatida yangi kichik sanoat zonalarini barpo etish borasidagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Namangan viloyatida yangi kichik sanoat zonalarini barpo etish borasidagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Kichik sanoat zonalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining 2020-yil 19-maydagi yigʻilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyat hududida yana yigirmata yangi kichik sanoat zonasi tashkil etilishiga kirishildi.
Namangan shahrining Mashad, Yuksalish, Yoshlik dahalari hamda “Oʻzelektroterm” korxonasi hududida, Kosonsoy tumanining Gurmiron, Tergachi, Namuna, Chust tumanining Shoʻrkent, Sabzavor va Olmos, Pop tumanining Mirishkor va Iskovut, Toʻraqoʻrgʻon tumanining Shohidon, Uychi tumanining Yuksalish, Norin tumanining Oq oltin, Uchqoʻrgʻon tumanining Yogʻdu, Chortoq tumanining Oyqiron, Yangiqoʻrgʻon tumanining Qorapolvon mahallalaridan ajratilgan jami 182 gektardan ziyod maydonda 229 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov foydalanilmayotgan ishlab chiqarish obyektlari hamda boʻsh yer uchastkalarini oʻz ichiga olgan kichik sanoat zonasida oʻz investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar bilan uchrashib, ular tomonidan taqdim etilgan loyihalar bilan tanishdi.
Umumiy qiymati 782 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyihalar viloyatda yetti mingdan koʻproq ish oʻrni yaratilishiga zamin boʻladi.