Yerga xiyonat – elga xiyonat emasmi?
2017-yilda 297 xoʻjalik yurituvchi subyektning 1,2 million gektar yer maydonida yerdan foydalanish holati yuzasidan rejali va rejadan tashqari tekshiruv oʻtkazilgan edi.
2017-yilda 297 xoʻjalik yurituvchi subyektning 1,2 million gektar yer maydonida yerdan foydalanish holati yuzasidan rejali va rejadan tashqari tekshiruv oʻtkazilgan edi. Natijada 285 xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarlari 4,7 ming gektar yer maydonidan foydalanishda qonunni buzgani aniqlandi. Ularning aksariyatiga tegishli chora koʻrildi.
Bu mamlakatimizda yerga oid huquqiy munosabatlar meʼyorlarini ishlab chiqish, yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni huquqiy tartibga solish dolzarb masalalardan biri boʻlib qolayotganini anglatadi.
Toʻgʻri, Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda qishloq xoʻjaligida suv va gidroinshootlardan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sotish, logistika, marketing tizimlarini rivojlantirish hamda yer va suv resurslaridan samarali foydalanishda zamonaviy amaliyotlar belgilangan. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan samarasiz foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Lekin soha amaliyotida kamchiliklar borligi ham sir emas.
Ayrim fermerlar ijaraga berilgan yer maydonlarini noqonuniy sotayotgani ham bor gap. Maʼlum boʻlishicha, soʻnggi ikki yilda 76 fermer yerlarni noqonuniy sotgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Afsuslanarlisi esa, yerlarni noqonuniy sotayotgan shaxslar orasida bevosita masʼul davlat tashkilotlari vakillari borligidir.
Misol keltiramiz. Zangiota tumanidagi “Semurgʻ” fermer xoʻjaligi boshqaruvchisi boshqa kishiga 70 sotix sugʻoriladigan yerning har bir sotixini 5 ming AQSH dollaridan, jami 350 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 50 ming AQSH dollarini olayotganda ushlangan. Vaholanki, ushbu yer maydoni Zangiota tumani hokimining qarori bilan shu fermer xoʻjaligiga meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sexi tashkil qilish uchun berilgan. Xiva tumanidagi Qushchi Kattabogʻ mahallasi raisi bir fuqarodan 2 turar joy uchun zaxiradagi yerlardan ajratishni vaʼda qilib, 10 ming AQSH dollari talab qilgan hamda 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan. Qarshi tumanida esa, Kat mahallasi raisi 12 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 70 million soʻm olganda qoʻlga olingan.
2018-2019-yillarda 295 mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularning 119 nafarini yer kadastri xodimlari tashkil etgan.
Yer qonunchiligini buzganlik uchun Jinoyat, Fuqarolik, Mehnat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham javobgarlik belgilab oʻtilgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yer resurslarini muhofaza qilish, undan unumli foydalanishni taʼminlash uchun, birinchi navbatda, qonunchiligimizni hozirgi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, yer huquqbuzarliklariga nisbatan belgilangan javobgarliklarni oʻrnatish borasida sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarining masʼuliyatini yana-da oshirish maqsadga muvofiq.