Yer maydonlaridan to‘g‘ri foydalanilayaptimi?
O‘zA muxbirlari Kadastr agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qonunbuzilish holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan o‘rganish tadbirlarini o‘tkazdi.
Dastlab Jizzax shahrining “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlarda bo‘lib, fuqarolar tomonidan yer qonunchiligiga qanchalik rioya qilinayotganligi, noqonuniy qurilmalar qurilib, yerni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari yuz bergan-bermagani kabi holatlar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq soha mutaxassislari tomonidan fuqarolarga atroflicha huquqiy tushunchalar berildi.
Viloyatning Sharof Rashidov tumanidagi “Feniks Bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxonada bo‘lib, bu yerda tadbirkor tomonidan yerdan qay tarzda unumli foydalanib kelinayotganiga guvoh bo‘ldik.Tadbirkor har qarich yerdan unumli foydalangan holda ushbu issiqxonada qish davomida turli ko‘katlar, pomidor ko‘chatlarini parvarish qilib, yaqin kunlarda elimiz dasturxoniga yetkazib berish yo‘lida astoydil mehnat qilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Lekin, ming afsuski, shu tumandagi “Bunyodkor” MCHJga issiqxona uchun berilgan 80 sotixli yer maydonidan foydalanilmay, qarovsiz tashlab qo‘yilganiga, yer, tayyor issiqxonaning bo‘m-bo‘sh yotganiga guvoh bo‘ldik. Guruhimiz mutasaddilari shu yerning o‘zida ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi.
Keyingi o‘rganish manzilimiz Sharof Rashidov tumanining “Toqchilik” MFY bo‘ldi. Xayrulla Sag‘dullayev bir necha yillardan buyon shu mahalla hududidagi “Ubaydulla –Lutfulla” chorvachilik fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib keladi. Bu yerda hozirgi kunda tadbirkor tomonidan fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonlaridan samarali foydalanilib, zotdor qoramollar parvarish qilib kelinmoqda. Tabiiyki, daromadu buromadi ham shunga yarasha.
– Boshqarma va tuman, shahar bo‘limlarimizdagi xodimlarimiz tomonidan viloyatdagi mavjud 1040 ta chorvachilik xo‘jaligining 169 ming 132 gektarga yaqin yer maydonida qurilgan qurilmalar to‘liq o‘rganib chiqildi, – deydi Kadastr agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Mamasiyayev. – O‘rganishlar davomida 35 ta chorvachilik fermer xo‘jaligi tomonidan 5,7 gektar yer maydoniga qurilmalar qurilganligi, shundan 10 ta holatda 0,4 gektar yer maydonida tegishli hujjatlarsiz, noqonuniy qurilmalar qurib olinganligi aniqlangan.Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun qonunbuzarlarga nisbatan jarima jazolari qo‘llanildi.
O‘rganish jarayonida baliqchilik xo‘jaliklari yer maydonlari ham ko‘zdan kechirildi. Viloyatdagi jami 249 ta mavjud baliqchilik xo‘jaligining 65 tasi tomonidan 3604 gektar yer maydoniga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Shulardan 21 ta baliqchilik xo‘jaligining 284,1 gektar yer maydoniga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi.
Shuningdek, viloyatdagi 11 ta, ya’ni 142 gektar maydondagi baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati bugungi kunga kelib to‘xtatilganligi ma’lum bo‘ldi.
[gallery-22058]
Hamkorlikdagi o‘rganishlar davomida aniqlangan viloyatda yer maydonlaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki umuman foydalanilmayotganligi, noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan qurilmalar mavjudligi holatlari aholi va tadbirkorlar orasida bu borada olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emasligidan dalolat beradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari