Yer maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona platformada jamlanadi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Davlat kadastrlari palatasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga amaliy tashrifi davomida Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, barcha yo‘nalishdagi davlat organlariga tegishli topshiriqlar berilgan edi.
Davlat kadastrlari palatasiga uch oy muddatda viloyat bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tmagan ko‘chmas mulk ob’ektlarini “mahallabay”, qishloq xo‘jaligi yerlarini esa “fermerbay” o‘rganib, o‘rnatilgan tartibda kadastr pasportlarini shakllantirish vazifalari berildi.

Matbuot anjumanida Qashqadaryo viloyati 2 856 8 ming gektar yer maydonining faqatgina 151,9 ming gektari, ya’ni 6 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tgani, 2 704,9 ming gektari – 94 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi qayd etildi. —
Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat kadastrlari palatasining mutaxassislari tomonidan 3 oy davomida viloyatining barcha tumanlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda xatlov ishlari amalga oshirilib, unda 14 ta uchuvchisiz uchish apparati va kosmik suratlardan foydalanildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyev. – Viloyatdagi mavjud ko‘chmas mulk ob’ektlari 3 xil– qizil, sariq, yashil toifaga ajratilib, fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari, mulkni tasarruf etish va mulk daxlsizligini ta’minlash borasida tavsiyalar berildi.

Raqam berilmagan xonadonlarga raqamlar berilib, MFYlari va mahalliy hokimiyatlarga xabarnomalar yuborildi.
Qashqadaryo viloyati ish tajribasiga tayangan holda hozirgi kunda Davlat kadastrlari palatasining hududiy mutaxassislari tomonidan Namangan shahri, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent viloyatlarida yer maydonlari, bino va inshootlarni yalpi xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan xatlov jarayonida ilk bor fermer xo‘jaliklari Jahon bankining “Ko‘chmas mulk va kadastr tizimini ro‘yxatga olish tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan "INOLLA" dasturi orqali Oqqo‘rg‘on tumanida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.

Matbuot anjumanida endilikda fermer xo‘jaliklari foydalanishidagi yer maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona platformada jamlanishi qayd etildi. Bunda ekin yer maydonlarining umumiy hajmi, yer turlari va foydalanish maqsadi, shuningdek, huquqiy maqomi hamda boshqa ma’lumotlar koordinatalar asosida elektron xaritalarda aks etadi. Barcha xatlov natijalari Milliy geoaxborot tizimiga doimiy onlayn tarzda kiritib boriladi hamda kiritilgan ma’lumotlardan barcha yuridik va jismoniy shaxslar foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA