Yer maydoni 30 yilga ijaraga berilmoqda
Mamlakatimizda ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 30 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilindi.
Toshkent viloyatida ham bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad aholi bandligini ta’minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishdir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlardan aholiga o‘tgan 2022 yilda 7 ming 458 ming gektar yer maydoni ajratilib berildi. Natijada 32,3 mingta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda ham 9 ming 88 gektar ekin maydonlari uchun 48 mingga yaqin fuqarolardan arizalar qabul qilindi. Shu kunga qadar 6 ming 145 gektardan ziyod maydon “e-auksion” dasturi orqali 18 ming nafardan ortiq fuqarolar tomonidan ochiq tanlovda yutib olindi.
Endilikda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar, rasmiy ishsizlar hamda alohida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bu yerlarda dehqon xo‘jaligi yuritish imkoniga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, “Bir hudud – bir mahsulot”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyatidan, shuningdek, ichki iste’mol bozorlarida aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, qishloq xo‘jalik ekinlari ekilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 22 ming 464 ta lotlarga 3 ming 139 gektarga sabzavot, 605 gektarga kartoshka, 340 gektariga poliz, 369 gektariga moyli ekinlar, 670 gektariga dukkakli ekinlar va 3965 gektariga esa boshqa turdagi ekinlarni yetishtirish amalga oshirilmoqda. Misol uchun Bekobod tumanining “Mallavoy” MFY hududida 45 nafar fuqaroga ajratilgan 9 gektar maydondan ertapishar baqlajon ekinlaridan har bir fuqaro 18-25 million so‘mdan daromadga erishdi.
Fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratib berilayotgan yer maydonlari, ekin turidan kelib chiqib, urug‘lik, yoqilg‘i moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish uchun klasterlar, kooperatsiyalar, “Tomorqa xizmati” MCHJlar hamda yirik eksportyor korxonalarga biriktirib berilgan.
A.Musayev, O‘zA.