Yer bilan tillashganning ro‘zg‘ori to‘kin bo‘ladi
Yangiyo‘l tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, uni qayta ishlash va aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan OAV vakillari uchun o‘tkazilgan Press-turda joylardagi amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Samarqand mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Salimjon Toxirovning fermerlik faoliyatini boshlaganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Uning ikki nafar o‘g‘li bugungi kunda otasi boshlagan ishini davom ettirib, umumiy 37 gektar yerda samarali ishni tashkil qilgan.
– Takroriy ekin uchun 5 gektar joyga kartoshka urug‘ini ekyapmiz, – deydi fermer Karim Toxirov. – Kutilayotgan hosilimiz esa 150-180 tonna. Agar hosilimizni kamida 5 ming so‘mdan sotsak ham jami daromadimiz 500 million so‘mgacha yetadi. Lekin mavsumda shunga yarasha mehnat va xarajat ham bor.
Tumandagi “X.Tursunqulov” hududidagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari sabzavot, poliz ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda dalalardagi pomidor, bulg‘or qalampiri va shu kabi sabzavot ekinlar hosili mutaxassislar tomonidan eksport va ichki bozorlarga yo‘naltirilmoqda. Press-tur ishtirokchilariga mazkur jarayonlar ham tanishtirildi.
Hozir bu yerda mahallalarda yetishtirilgan sabzavotlar qayta ishlanadi. Buning uchun 50 nafar ishchi jalb qilinib, ular har kuni 150 ming so‘mdan ish haqqi oladi. Shu bilan birga, OAV vakillariga mahallalarda yoshlarga berilgan yerdan samarali foydalanish, sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan namunali xonadonlar ko‘rsatildi.
Jarayonda jurnalistlar mas’ullar, dehqonlar va ishchilar bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ma’lumotlarga qaraganda, hozir hududda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydoni jami 24 ming 151 gektarni tashkil qiladi. Shu sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari esa 811 taga yetgan.
Tumanda joriy yil birinchi yarimida mahsulot ishlab chiqarishda o‘sish 106,2 foizga yetdi. Shundan 18,1 ming tonna sabzavot, 11,5 tonna kartoshka, 6,2 ming tonna meva va rezavorlar, 19,2 ming tonna go‘sht, 45,4 ming tonna sut, 184,0 tonna pilla mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida takroriy ekindan ham yaxshi natija kutilmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov, O‘zA.