Yengil atletikachimiz Turkiston marafonida g‘alaba qozondi
Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Turkistan Marathon 2022” musobaqasida o‘zbekistonlik yengil atletikachi Baxtiyor O‘tkirov oltin medalga sazovor bo‘ldi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qozog‘iston, Avstraliya, Ukraina, Qirg‘iziston, Fransiya, Rossiya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Tojikiston, Vengriya davlatlaridan tashrif buyurgan atletlar orasida hamyurtlarimiz ham ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi marafon yo‘nalishida yurtdoshimiz Baxtiyor O‘tkirov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa terma jamoamiz vakilasi Tamila Qo‘chqorova kumush medalga musharraf bo‘ldi.
Shuningdek, 21.1 km masofada kechgan yarim marafon dasturida hamyurtimiz Shohruh Davlatov shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA