YeI Xitoyga yangi iqtisodiy cheklovlar qo‘ymoqchi
Yevropa Ittifoqi Xitoy importining keskin o‘sishi tufayli Pekinga nisbatan savdo siyosatini qat’iylashtirish niyatida.
2025-yilda YeIning XXR bilan savdo kamomadi rekord darajaga chiqib, jami 360 milliard yevroni tashkil etgan edi. Shu munosabat bilan, Yevropa yetakchilari himoya choralarini faolroq qo‘llash va yangi vositalarni, jumladan, individual eksportchilarning Yevropa Ittifoqi yagona bozoriga kirishini tezkor ravishda cheklash imkonini beruvchi mexanizmni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Polsha xalqaro munosabatlar instituti (PISM) ma’lum qilishicha, “China Shock 2.0” Yevropa ishlab chiqaruvchilariga tahdid solmoqda, chunki importning ko‘payishi zavodlarning yopilishiga, ish o‘rinlarining yo‘qolishiga va Xitoy mahsulotlariga qaramlikning ortishiga olib kelishi mumkin.
Ekspertlar fikricha, Pekin bunday choralarga javoban eksport nazoratini, jumladan, noyob yer metallariga nisbatan kuchaytirish yoki Yevropa tovarlariga tariflarni oshirishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA