Yaxshilik va tinchlik diyori
BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1981 yil Xalqaro tinchlik kuni ta’sis etilgan va 2001 yil 7 sentyabrdagi tegishli rezolyutsiyasiga ko‘ra, 21 sentyabr Xalqaro tinchlik kuni sifatida har yili nishonlanadi.
O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekistondagi YUNISEF vakolatxonasi bilan hamkorlikda respublikamizdagi bolalarning san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning tasviriy san’atga, badiiy ijodga bo‘lgan qiziqish va e’tiborini mustahkamlash maqsadida respublikamizdagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Yaxshilik va tinchlik diyori” mavzusida bolalar rasmlari ko‘rgazmasini tashkil etdi.

Mazkur ko‘rgazma joriy yilning 21-30 sentyabr kunlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami va 21 sentyabr “Xalqaro tinchlik kuni”ni munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada farzandlarimiz o‘zlarining ijod namunalari bilan yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini rasmlar orqali ifodalashga harakat qilganlar.Tadbirda O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Toshmuhamedov, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Maktabgacha ta’lim vazirligi qoshidagi jamoat kengashi raisi, SHHT eksperti E’tibor Sultonovalar bolalar iste’dodini kashf etish masalasiga O‘zbekistonda katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Tadbir doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari tomonidan she’riy chiqishlar va qiziqarli dasturlar namoyish etildi.Ko‘rgazma 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistonda o‘tkaziladigan sammiti oldidan ham ekspozitsiya qilinadi.

Mazkur tadbir tasviriy va amaliy san’at sohasi ijodiy yo‘nalishida maktabgacha ta’lim muassasalaridan keyingi ta’limni tashkil etishda va samaradorligini yanada oshirishga hizmat qiladi.
Ko‘rgazma 30 sentyabrgacha davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA