Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilmoqda
Avval xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyat hokimligi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida vohadagi tijorat banklarining joriy yil 9 oyida amalga oshirgan ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir doirasida jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari uchun press-tur ham tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida bo‘lib, Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yo‘q zamonaviy majmua va bu yerda mijozlarga bank xizmatlari ko‘rsatish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Erkin savdo zonasi 36 gektar maydonda bunyod etilgan. Qiymati 70 million dollarga teng loyiha Afg‘oniston, Pokiston va boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, iste’mol tovarlari savdosi hamda eksportini o‘stirishda muhim o‘rin tutadi. Majmuaga yiliga 1,5 million kishi kelishi, uning yillik savdo hajmi 1 milliard 200 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, o‘zbek-afg‘on xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash va rivojlantirish orqali yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini ta’minlashga xizmat qilayotir.

Savdo markazida yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolariga O‘zbekistonga kirish vizasisiz 10 kun markazda bo‘lish va chiqish imkoniyati berilgan. Multivalyuta, ya’ni O‘zbekiston so‘mi bilan birga AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda turli davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, majmuada “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgan. Maydoni 50 ming kvadrat-metr bo‘lgan mingta savdo do‘koni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan. Afg‘onistondan keluvchilar uchun Mozori Sharif shahridan har kuni avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Markazga keluvchilar uchun bank xizmatlari ko‘rsatish ham joriy etilgan. Shu yerda jurnalist va blogerlarga “Milliy bank” va “Sanoatqurilishbank”ning bank xizmatlari markazlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

– Bank xizmatlari markazlari mijozlarga 27/7 rejimida xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Azamat Rajabov. – Bankomatlar o‘rnatilmoqda. Markazlar orqali joriy yilning savdo zonasi ish boshlagandan buyon 415 ming AQSH dollari ayirboshlangan bo‘lsa, 132 ta korxonaga hisob raqam ochildi. Ularning 31 tasi rezident va 101 tasi norezident korxonalardir.

Press-tur qatnashchilari savdo zonasida bo‘lib turgan afg‘onistonliklar bilan suhbatlashdi.
– Amudaryoning narigi qirg‘og‘ida yashayman. – deydi Dilovar Qosim. – Bu yerda tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yib, ijaraga do‘kon olmoqchiman. Afg‘onistondan mahsulot keltirib sotishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Buning uchun markazda barcha sharoit bor ekan. Xizmatlar ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilibdi. Bu savdo zonasi, nafaqat ikki qo‘shni mamlakatning savdo aloqalarini rivojlantirishga, balki azaliy do‘stlik aloqalarimizni ham yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bizga bunday imkoniyat yaratgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiramiz.

Taassurotlarga boy bo‘lgan tadbir ishtirokchilari xalqaro savdo markazi hududidagi “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabida ham bo‘lib, bu yerdagi sharoit va qulayliklar bilan tanishib qaytdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri