“Yashil” tiklanish sohasida O‘zbekiston tashabbuslari e’tirof etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 30 may kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammitida ishtirok etdi.
Forumda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo‘nalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi. Shuningdek, bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimizning mazkur sammitdagi nutqi, ilgari surgan taklif va tashabbuslari ko‘plab xorijiy vakillar va ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Frank Reysberman,
Global yashil o‘sish instituti (GGGI) bosh direktori:
— “P4G sammiti ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videomurojaatini katta e’tibor bilan kutib oldi. Davlat rahbari o‘z nutqida Global yashil o‘sish instituti tashkil etilganining 10 yillik sanasini alohida ta’kidlagani va shu munosabat bilan qutlagani biz uchun katta sharafdir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Global yashil o‘sish institutiga a’zo bo‘ldi. Institutimiz hukumatlararo muassasa hisoblanadi va davlatlarga yashil iqtisodiyotga o‘tishda yordam ko‘rsatadi, ularning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston "yashil" iqtisodiyotga o‘tish orqali mamlakat taraqqiyotiga erishishni tanlaganini alohida ta’kidlash joiz. Biz O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Orol dengizi havzasining ekologik muammolarini hal qilish bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zbekiston rahbariyatining ko‘magi tufayli Global yashil o‘sish institutiga a’zo bo‘lish, uning huquqiy maqomi va imtiyozlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolash masalalari juda tez hal qilindi. Yaqinda Toshkentda institutimiz ofisi ochiladi. Shuningdek, KOICA tomonidan moliyalashtiriladigan Orolbo‘yidagi birinchi qo‘shma loyihani amalga oshirish uchun shartnoma imzolanishini kutmoqdamiz. Biz mamlakatingizning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida har tomonlama yordam berishga tayyormiz.
Kim Sung In,
“Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyatining ijrochi direktori:
— Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston ekologik muammolarni hal qilish sohasida misli ko‘rilmagan ko‘lam va ahamiyatga ega kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Orol dengizining qurishi oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ushbu yo‘nalishdagi eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator loyihalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilmoqda. “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi ekologiya sohasidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Forum kotibiyati O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun turli loyihalar bo‘yicha tashabbuskorlik qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning P4G sammiti doirasida ilgari surgan "yashil" texnologiyalarni keng joriy etish orqali Orol fojiasining global oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tashabbusini yuqori baholaymiz. “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ham Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonda yangi samarali loyihalarni amalga oshirish orqali yanada ko‘proq sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
Byon Je Il,
Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi deputati, suv resurslari bo‘yicha Osiyo parlamentlararo maslahat kengashi (AAWC) prezidenti:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yashil taraqqiyot va barqaror rivojlanish bo‘yicha P4G sammitidagi ishtirokini yuksak baholayman. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasining bunday yuksak darajadagi ishtiroki mamlakatning barqaror rivojlanishning dolzarb muammolariga va “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirishga sodiqligini namoyon etmoqda.
O‘zbekiston tashqi siyosatidagi so‘nggi tendensiyalar ijobiy rivojlanayotganini ta’kidlamoqchiman. Oxirgi yillarda O‘zbekiston yangi tashqi siyosatining asosiy xususiyatlari – ochiqlik, pragmatizm va uzoq muddatli barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga intilishida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, davlat rahbarining Orolbo‘yi mintaqasiga innovatsion yechimlar va investitsiyalarni jalb etish hamda ilmiy izlanishlar orqali respublikada “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev P4G sammitidagi nutqida kelgusi yil O‘zbekistonda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energiya bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Ushbu tashabbus yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hamkorlik, sheriklar bilan maslahatlashuvlar orqali global muammolarni hal etishga intilayotganidan dalolatdir.
Yaqin kelajakda O‘zbekiston ekologik muammolarni hal etish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erisha olishiga va bu yo‘nalishda mintaqada yetakchi o‘rinni egallashiga ishonchim komil.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.