“Yashil makon”: Zominda ish qizg‘in
Jizzax viloyati Zomin tumani hokimligi va tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida uyushtirilgan hasharda ko‘ngillilar ishtirok etdi.
Erta tongdan zominliklar adirlik bag‘rida yaratilayotgan “Yashil maskan”ga yig‘ilib, guruhlarga bo‘lingan holda kim joy tayyorlash, kim chuqurchalar o‘rnini belgilash, yana kimdir archa nihollarini yetkazib berish va boshqa ishlarini taqsimlab olib, qizg‘in ishga kirishdi.
Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi xalqimiz. Bugun qadalayotgan har bitta nihol ertangi kunda farzandlarimiz, kelajak avlod uchun ham fayzli bog‘-rog‘ ham ibrat maskani sifatida qolishi, havo musaffoligi uchun ulush bo‘lib qo‘shiladi.
[gallery-5844]
Umummilliy loyihaning o‘tgan 2021 yilgi kuz mavsumida hokimlik tashabbusi bilan 850 gektar tog‘li hududni yashil makonga aylantirish uchun ajratilgandi. Bu yerning iqlimiga mos bo‘lgan bodom ko‘chatidan 23 ming 780 tup, o‘rik ko‘chatidan 9 ming 430 tup va “Sharq tuyasi” archasidan 3 ming 820 tupi o‘tqazildi.
Tuman o‘rmon xo‘jaligi xodimlari va ko‘ngilli hasharchi yoshlar tomonidan ushbu ezgu ish davom ettirilayapti.
O‘rmon xo‘jaligi tomonidan bahorgi ekish mavsumiga 100 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlari zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan.
“Yashil makon” umumilliy loyihasi nafaqat Zomin tog‘lari va tog‘oldi adirliklarida, balki butun tuman bo‘ylab keng miqyosda uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA