“Yashil makon” – yashil kelajak sari dadil qadam
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi va talaba-yoshlari mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va shu orqali aholining turmush tarzini yaxshilashga yo‘naltirilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini davom ettirmoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurtining faol talabalari ishtirokida Nukus shahridagi “Shadli aul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ajratilgan yer maydonida ko‘chat ekishga tayyorgarlik ishlari olib borildi.
– Joriy yil bahor mavsumida loyiha doirasida institutimiz tomonidan Nukus shahri va uning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadida 11 ming tup turli mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan. Albatta, bu orqali yashil hududlarni kengaytirish, havo sifatini yaxshilash, global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish, shuningdek, aholining ekologik mas’uliyatini oshirish – bizning asosiy maqsadimiz. Bunday chora-tadbirlar tabiatni muhofaza qilishning samarali usulini yaratish bilan birga, kelajak avlodlarga toza va sog‘lom muhitni qoldirishga zamin yaratadi, – deydi institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qarjaubay Reymov.
Institutda aksiya doirasidagi obodonlashtirish tadbirlari davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri