“Yashil makon” umummilliy loyihasi – amalda
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Loyiha doirasida viloyatda 15 million 416 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari va qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yili ko‘chat ekish bo‘yicha e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” davomida 7 million 54 ming 300 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ekilgan mevali, manzarali daraxt ko‘chat va qalamchalarning 2,5 million tupdan ziyodi mahalla hududlari, ko‘cha va xonadonlarga o‘tqazildi. Viloyatda ushbu xayrli tadbir doirasidagi ishlar davom etmoqda.
Bahor oyida 9 million 635 ming tup manzarali va mevali daraxtlar, shuningdek, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekilishi belgilangan. Ayni kunlarda ko‘chat o‘tkazish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Viloyatning tuman va shaharlarida ekoaksiyalar tashkil etilmoqda.
[gallery-5883]
Xususan, Shahrixon tumanida o‘tkazilgan “Eko-aksiya” da viloyat hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i M.Nishanov, tuman hokimi, sektor rahbarlari, faxriylar, tuman faollari, yoshlar, obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari, umuman, keng jamoatchilik faol ishtirok etdi. Nuroniylarning duo-fotihalari bilan boshlangan hasharda yo‘l bo‘ylari, ariq-zovur chetlari, bo‘sh turgan maydonlar hamda aholi xonadonlariga 86 ming tupdan ortiq qarag‘ay, pavloniya, archa kabi manzarali hamda mevali nihollar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari dala maydonlarining chetlariga tut ko‘chatlari ekildi.
Viloyatda “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),O‘zA