“Yashil makon”: Olot yashillikka burkanmoqda
Buxoro viloyati Olot tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi keng quloch yoymoqda. Tumanda loyiha doirasida 597 ming 600 tup ko‘chat o‘tqazish harakati boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy mavsum tumanda avtomobil yo‘llari yoqasida 68 ming tup, fermer xo‘jaliklari foydalanishidagi yer maydonlari atroflariga 140 ming tup, O‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari hududlarida 73 ming 600 tup, ijtimoiy soha inshootlari, idora va tashkilotlar hududida 28 ming tupdan ortiq, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘idagi inshootlar hududida 35 ming tup ko‘chat o‘tqazishga kirishilgan.
Xuddi shunday, tuman naslchilik xo‘jaligida 15 ming tup, suvoqova tuman filiali tomonidan 10 ming tup, elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti bo‘limlari jami 1 ming tup, madaniyat bo‘limi 1 ming 600 tup, qolaversa, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 125 ming 300 tup tok va tut ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘ barpo etish maqsadida 23 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ko‘zda tutilgan.
Buni birgina tumandagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida borayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Hudud sektorlari rahbarlari, korxona va tashkilotlar, madaniyat bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, imom xatiblar, yoshlar, obodonlashtirish xodimlari, keng jamoatchilik vakillari hozir bo‘lgan ko‘chat o‘tqazish tadbiri xalqimizning nihol o‘tqazib bog‘ yaratishdek azaliy qadriyatining yaqqol ko‘rinishi bo‘ldi.
[gallery-14207]
Ko‘chat o‘tqazishga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Nargiza Ne’matova bu tashabbus har bir mahalla va qishloqda, ta’lim, sog‘liqni saqlash, boshqa tarmoqlarda qizg‘in qo‘llab-quvvatlanib, ayni paytda ommaviy harakatga aylanayotganini ta’kidladi. Zero, nihol o‘stirish, ko‘chat o‘tqazib parvarishlash tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga qo‘shilgan xayrli va beminnat hissamizdir. Bu bilan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, aholi salomatligini mustahkamlash, qolaversa, iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Shuningdek, seminarda har bir qadalayotgan ko‘chatning unib-o‘sishi va parvarishi, agrotexnik parvarishi, suv ta’minoti jihatlari amaliy o‘rganilib, zarur tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu kuni tuman markazidagi qator ko‘p qavatli uylar atrofiga ham ko‘chat o‘tqazilib, ular parvarishiga mas’ullar biriktirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari