“Yashil makon” loyihasida uychiliklar faol qatnashmoqda
Prezidentimiz raisligida joriy yil 2 noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash, yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlar sonini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Daraxt ekish bo‘yicha e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu xayrli tashabbusni to‘laqonli amalga oshirishda Namangan viloyatining Uychi tumani faollari ham g‘ayrat-shijoat ko‘rsatmoqda. Tumandagi “Soku” va “Toshloq” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo qilish, unda “Yashil makon” umummilliy loyihasini tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Tuman hokimi Muhammadzokir Mamatxonov mas’ul bo‘lgan birinchi sektor hududidagi Dehqonobod mahallasida 654 xonadon bo‘lib, 3 ming 654 kishi istiqomat qiladi.
– Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga doir tashabbuslari bizni ham kuch-g‘ayrat bilan yeng shimarishga undadi, har bir xonadonga o‘n tupdan ko‘chat o‘tqazishni rejalashtirganmiz, – deydi “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokirjon G‘ofurov. – Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2 ming 616 tup ko‘chat ekiladi. Ayni shu maqsadda mahallamiz ahli bilan ommaviy hashar uyushtirdik.

Bu hududdagi yer maydoni anchadan beri e’tibordan chetda qolib, biror ekin ekilmay yotgan edi. Mazkur loyiha sabab, hudud obodonlashtirilib, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va bir qator tashkilotlar tomonidan 140 tup manzarali, mevali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Shu kunlarda, Uychida 51 ming 971 tup manzarali va mevali ko‘chat ekishga erishildi. Bu jarayon ayniqsa, Yangihayot, Pastguzar, Umid, Islomobod, Yorkatay, Mashad mahallalari hududlarida uyushqoqlik bilan ko‘tarinki kayfiyatda tashkil qilindi. “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida tuman sektorlari va tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, siyosiy partiyalar vakillari, yoshlar faol qatnashmoqda.

Ma’lumot uchun, Uychi tumanida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumida jami 1 million 268 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA