"Yashil makon" loyihasi shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda
Ko‘chat ekish shunchaki tashabbus yoki bir kunlik aksiya emas. Uning tag zamirida inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni his etish kabi yuksak qadriyatlar mujassam.
Bu — havoni musaffo saqlash, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, yer unumdorligini asrashga qaratilgan uzoq muddatli sa’y-harakatdir. Har bir ekilgan ko‘chat ortida yashil makon yaratish, tabiatni asrab-avaylash va inson salomatligini muhofaza qilishga bo‘lgan ezgu intilish mujassam.

Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ana shunday ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan holda, bugungi kunda butun mamlakat miqyosida keng quloch yozmoqda. Loyiha doirasida o‘tkazilgan navbatdagi ko‘chat ekish tadbirida Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berilishi esa bu ishlarning tizimli va ilmiy asosda olib borilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur tashabbus Sirdaryo viloyatida ham katta ko‘tarinkilik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Videokonferensiya shaklida boshlangan tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Qo‘shoqov boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, nuroniylar faol ishtirok etishdi. Jumladan, Guliston shahrining Bog‘i shamol mahallasi hududidan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali qirg‘og‘idagi 5 gektar maydonda 2500 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, yangi yashil hudud barpo etildi.
Tadbirda asosan cho‘llanish jarayonlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi, suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishiga chidamli, viloyat iqlim sharoitiga mos daraxt va butalarni ekishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa amalga oshirilayotgan ishlar faqatgina ko‘lam jihatidan emas, balki sifat va samaradorlik nuqtai nazaridan ham puxta o‘ylanganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Men ham ko‘chat ekaman” shiori ostidagi aksiyalar izchil davom etmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida “Yashil bog‘lar”, “Yashil jamoat parklari”, shuningdek, ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun dendrologiya bog‘lari barpo etilmoqda. Aholi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida piyodalar va velosiped yo‘laklari bo‘ylab daraxt va manzarali o‘simliklar ekilib, “soyali sayr ko‘chalari” tashkil etilmoqda. Bu esa shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholining turmush sifati va ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
– Guliston shahridagi “Bog‘i shamol” mahallasida o‘tkazilgan “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi xodimlari va a’zolari ham faol ishtirok etishdi, – deydi uyushmaning mas’ul xodimi Dilorom Ismadiyorova. — Eng muhimi, bugun yaxshi niyat bilan yerga qadalgan har bir nihol ertaga ulkan daraxtga aylanadi. Uning soyasi, mevasi odamlarga manfaat keltiradi. Shu bois bu xayrli tashabbusga yosh ijodkorlar, OAV vakillari bilan bir qatorda faxriy jurnalistlar ham munosib hissa qo‘shishmoqda.

Uyushmaning viloyat bo‘limi raisi, Mehnat faxriysi Boyjigit Abdullayevning ta’kidlashicha, bu kabi tashabbuslar xalqimiz ongu tafakkurida azaldan mavjud bo‘lgan qadriyatlarni yanada mustahkamlaydi:
– “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Bir ko‘chat — ming baraka”, “Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek” kabi hikmatli so‘zlar bejiz aytilmagan. Bugun ekologik muammolar — havoning ifloslanishi, chang va chiqindilar miqdorining ortishi tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Buning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri — atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish. Shu orqali nafaqat hududimiz, balki butun sayyoramizni asrab qolishga hissa qo‘shamiz.
Ma’lumki, yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish, har bir aholi jon boshiga kamida 10 kvadrat metr yashil maydon to‘g‘ri kelishini ta’minlash kabi ulkan maqsadlar belgilandi. Bu esa “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yanada keng ko‘lam olishini bildiradi.
Shu maqsadda hududlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yangi yashil hududlar barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida 84 kilometr uzunlikda “yashil devor” yaratish ishlari boshlab yuborildi. Ayniqsa, xalqaro va respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylarida iqlim va tuproq sharoitiga mos daraxt ko‘chatlari ekish orqali hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda ko‘chat ekish — oddiy aksiya emas, balki umummilliy harakatga aylangan ezgu g‘oyadir. Uning samarasi esa yillar o‘tib, soyasida dam olinadigan bog‘lar, musaffo havo va sog‘lom muhit sifatida namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri