“Yashil makon”: kuzgi ko‘chat ekish davom etmoqda
Jizzax viloyatining barcha shahar, tuman, qishloq va mahallalari, korxona, tashkilot, muassasalar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi jamoasi ham “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shdi.

Viloyatdagi markaziy chiqindi poligoni atrofiga ekilgan 400 tup qayrag‘och va tol daraxti ko‘chatlari to‘liq agrotexnika qoidalarga amal qilingan holda ekildi. Har bir nihol bexato o‘stirilsa, chiqindi poligonidan atrofga chiqadigan zararli gazlarning yutilishi va atmosfera havosini ifloslanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu daraxt ko‘chatlarining barqaror o‘sishi uchun organik o‘g‘itlar solinib, ekilgan har bir daraxt ko‘chati uchun mas’ullar biriktirildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizdagi 14 ta oliy ta’lim muassasasida bir vaqtning o‘zida kuzgi ko‘chat ekish tadbirlari tashkil etildi.

Jizzaxda ushbu tadbir politexnika instituti bog‘ida “Har bir talabaga bittadan ko‘chat!” shiori ostida tashkil etildi.
Institut hududi jami 2,5 gektar maydonni egallaydi. Shundan 1 gektardan ortiq maydonda yashil hudud barpo etilgan.
– Oliygohimiz yashil hududida ko‘p yillik archa, chinor, tol va boshqa manzarali daraxtlar o‘stirilmoqda. Institutimizning hududida hosil bo‘lgan yashil olam sokin manzilga aylangan. Yashnab turgan ushbu daraxtlar va bugun shaharning “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli hududda ekilgan har bir daraxt ko‘chatining baravjligi doimiy nazoratimizda bo‘ladi, – deydi Jizzax politexnika institut prorektori Shuhrat Aliqabulov.

Institut jamoasi tomonidan joriy yil “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shaharning “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi adirliklarga 1 ming 400 tup iqlimga mos manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan edi. Shu kuni ushbu hududga Jizzax politexnika instituti talabalari tomonidan yana 600 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Jizzaxda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi kuzgi ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA