“Yashil makon”: hudud iqlimiga mos ko‘chatlar yetishtirilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimiz hududlarini yashillashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni tizimli amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida nihol ekish bilan birga, ularni parvarishlash va asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, har bir hududning iqlimi va tuprog‘iga, sharoitiga mos ko‘chatlarni yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan Qorako‘l tumanidagi ko‘chatxona faoliyati o‘rganildi.
Qorako‘l tumani davlat o‘rmon xo‘jaligida 18 gektardan ortiq maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan bo‘lib, unda 30 dan ortiq turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, xo‘jalikda 3 milliondan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lib, mavsumiy ehtiyojni ta’minlash uchun yetarli zaxira shakllantirilgan. Jumladan, o‘rik, shaftoli, uzum, tut, qayrag‘och, jiyda, terak, pavloniya, qarag‘ay, shumtol, zarang va boshqa daraxt turlari yetishtirilmoqda.
Tumanda “Yashil makon” loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani iqlimga mos daraxtlarni ko‘paytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA