«Yashil» davlat xaridlari bo‘yicha Fransiya bilan hamkorlik kengaymoqda
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida «Expertise France» hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) vakillari ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda «yashil» davlat xaridlari tizimini rivojlantirish, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Agentlik va «Expertise France» o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda elektron davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, «yashil» davlat xaridlarini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish, davlat buyurtmachilari va yetkazib beruvchilarning salohiyatini oshirish, shuningdek, xalqaro tajribani milliy davlat xaridlari tizimiga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar «yashil» davlat xaridlari sohasida institutsional hamkorlikni mustahkamlash, raqamli yechimlarni kengaytirish hamda davlat xaridlari jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Agentlik va «Expertise France» o‘rtasidagi 10 oylik qo‘shma ish rejasining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Unga muvofiq, «yashil» davlat xaridlarini bosqichma-bosqich joriy etish, ustuvor mahsulotlar bo‘yicha pilot tenderlarni tashkil qilish, elektron davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, elektron yetkazib beruvchilarni baholash mexanizmlarini rivojlantirish, davlat buyurtmachilari hamda yetkazib beruvchilarning malakasini oshirish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani milliy tizimga joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Qayd etilganidek, mazkur ish rejasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-fevraldagi qarori bilan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni hamkorlikda amalga oshirish, «yashil» davlat xaridlari tizimini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
«Yashil» davlat xaridlari tizimini joriy etish davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, ekologik barqaror mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshirish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda mamlakatda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA