Yashash minimumi va daromad soligʻi yoxud bajarilmagan vazifa
Davlatimiz rahbari qoʻygan vazifani soliq solish bobida bajarish yuzasidan quyidagi fikr-mulohazalarni va takliflarni bildirmoqchi edik.
Prezidentimizning Oliy Majlisga 2017-yil 22-dekabrdagi Murojaatnomasida ilgʻor xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur boʻlgan daromadlarni aniqlash boʻyicha “isteʼmol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda taʼminlash mexanizmlarini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu vazifa 2018-yil Davlat dasturiga kiritildi, lekin bajarilmadi.
Joriy yil 3-iyun kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida masala yana bir bor koʻtarilib, 1-oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari qoʻygan vazifani soliq solish bobida bajarish yuzasidan quyidagi fikr-mulohazalarni va takliflarni bildirmoqchi edik.
Avvalo, nega Prezident 2,5 yil oldin qoʻygan vazifa shu vaqtgacha bajarilmadi, degan oddiy savol tugʻiladi.
Buning sababi, fikrimizcha, iqtisodiyot rivojlanishiga masʼul boʻlgan yuqori boshqaruv organlari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda - Iqtisodiyot vazirligi deb yuritiladi), Moliya vazirligi va Markaziy bank masalaga yetarlicha masʼuliyat va oqilona yondashmaganligi va umuman ushbu idoralar faoliyati bugungi islohotlar talablariga yetarlicha javob bermasligidadir.
Moliya vazirligi iqtisodiyotga nisbatan faqat byudjet daromadlarini toʻldirish maqsadini koʻzlab, tor yondashuvni namoyish etib kelmoqda. Ushbu idoraning asosiy yumushi – qaysi soliqlar qancha stavkada belgilangan taqdirda byudjetga qancha summa yigʻish mumkinligi ustidagina qaygʻurish boʻlib qolmoqda. Iqtisodiyotning haqiqatdagi ahvoli qanday, mazkur soliqlar va ular stavkalarining umuman iqtisodiyotga taʼsiri qandayligini oʻrganish – bular goʻyo Moliya vazirligining bosh qotiradigan masalalari emasdek. Bunday yondashuv esa pirovardida oʻz oqibatlarini yaqqol koʻrsatib turibdi – iqtisodiyot umumiy rivoji darajasi yetarli emasligi sababli davlat byudjeti daromadlari xajmi juda kam, xususan, 2020-yil uchun prognozga koʻra aholi jon boshiga oyiga 315 ming soʻmdan toʻgʻri keladi. Bu esa davlat tomonidan strategik investitsion va ijtimoiy siyosatni samarali olib borishga imkon berayotgani yoʻq.
Solishtirish uchun maʼlumot: aholi jon boshiga hisob-kitob qilganda Qozogʻiston Davlat byudjetining daromadlari 2019-yilda oyiga taxminan $140 ni, Rossiyada – qariyb $170 ni tashkil etdi.
Markaziy bank oʻz monetar siyosatini real iqtisodiyotning talablarini yetarlicha hisobga olmagan holda olib bormoqda. Bosh bankimiz koʻp yillar davomida pul massasining oʻsishini va inflyatsiyani shunday jilovlab turdiki, buning natijasi kutilgandan aksincha boʻlib chiqdi: milliy valyuta u amalga kiritilgan paytdan eʼtiboran bir necha ming marta qadrsizlandi, 50 ming soʻmlik, 100 ming soʻmlik kupyuralarni chiqarishga ehtiyoj tugʻildi. Bunday ketaversa, bir millionlik kupyura ham chiqarilib, keyingi qadam pul denominatsiyasi boʻlishi aniq…
Iqtisodiyot vazirligi tarmoq vazirliklar va boshqaruv organlarining maʼlumotlarini toʻplaydi va umumlashtiradi, vassalom – qoʻlga nima ilinsa ilindi qabilida… Vaholanki, uning tuzilmasida makroiqtisodiy tahlillarni olib borishi lozim boʻlgan boʻlinmalar boʻlgan va hozir ham bor. Vazirlik tarkibiga butun boshli Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti kiradi.
Ushbu idoralarda umumdavlat miqyosida chuqur hisob-kitob-tahliliy ishlar yetarlicha olib borilayotgani yoʻq, ular bir maqsadga yoʻnaltirilmagan, yetarli darajada oʻzaro muvofiqlashtirilmagan holda faoliyat yuritishi kuzatiladi. Mazkur idoralar taklif qilayotgan baʼzi loyiha ishlanmalarini kuzata turib, ularda ishlayotgan mutaxassislar iqtisodiyotda haqiqatda kechayotgan jarayonlarning mohiyatini yetarlicha tushunmasligiga iqror boʻlasan kishi. Bunga, xususan, quyidagi dalillar guvohlik berishi mumkin:
- Iqtisodiyot vazirligi 2018-yilning boshida 16 foizlik yagona soliq toʻlovini joriy etish taklif etilgan loyihani muhokamaga qoʻydi. (Qaralsin https://regulation.gov.uz/ru/documents/1580.). Aslida shu payda “yagona soliq toʻlovi” deb nomlangan toʻlov soliq tizimimizning katta kamchiliklaridan biri edi, chunki bunda korxona tushimi soliqqa tortilgan, tushum esa – bu daromad degani emas, koʻp hollarda u xarajatlarni qoplaydi, xolos. 16% yagona solik toʻlovi degani – bu 100 soʻm sarflab 120 soʻm tushumga (20 soʻmi foyda) ega tadbirkor 120 x 16% =19,2 soʻm, yaʼni 19,2/20 x 100% =96% stavkada soliq toʻlaydi deganidir!
2019-yilning noyabrida esa oʻrta biznesni qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod etish taklifi aks ettirilgan loyiha oʻrtaga tashlandi. Vaholanki, bu paytda soliq islohoti amalda boshlanib, uning bosh gʻoyalaridan biri QQS toʻlovchilar doirasini maksimal kengaytirib, mazkur soliqning uzluksiz zanjirini shakllantirish va shu bilan soliq tizimimizning QQS toʻlovchilari va toʻlovchilari boʻlmaganlar oʻrtasidagi notenglikdan iborat boʻlgan eng jiddiy nuqsonlaridan birini bartaraf etish edi;
- soliq islohotlari davomida 2019-yilda yaqqol xatoliklarga yoʻl qoʻyildi - “kiruvchi” QQSni hisobga olmagan holda tabaqalashtirilgan stavkalarda QQSning soddalashtirilgan tizimi, “xronometraj koʻzdan kechirish”, “mavzuli ekspress-oʻrganish” singari soliq tekshiruvlarining yangi, oddiy mantiqqa zid turlari joriy etildi (Soliq kodeksining yangi tahririda bu xatolar tuzatilgan);
- qonunchilik amaliyoti va xoʻjalik yuritish faoliyatida turli xil toʻlovlarni hisoblash uchun iqtisodiy dastaklar - bazaviy hisoblash miqdori (BHM, ayni paytda 223 000 soʻm) va mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (MHEM, ayni paytda 679330 soʻm) yaxlitlanmagan holda belgilanib, hisob-kitoblar uchun mazkur dastaklarning miqdoriga yuzdan bir foiz aniqlikda nisbatlar oʻrnatiladi. Xususan, 0,0053 yoki 2,11 va h.k. (3.12.2019-yildagi OʻRQ-586-son Qonun)koeffitsiyentlar belgilangan. Bunday “mayda”kashlik hisob-kitob ishlarida noqulaylik, muomaladan chiqib ketgan pul birliklarida (tiyinlarda) toʻlovlarni amalga oshirish zaruratini tugʻdiradi (naqd pulda toʻlanganda).
OʻZI OZNING KOʻP QISMIDAN OʻZI KOʻPNING OZ QISMI YAXSHI
2018-yilgacha mamlakatimizda 4 pogʻonali, daromad oshgani sayin oshgan summaga soliq stavkasi yuqorilaydigan, progressiv shkala deb ataladigan tartib amal qilgan. Bunda mehnat daromadlari boʻyicha korxona va xodimlar toʻlaydigan jami soliq anchayin yuqori boʻlgan: 22,5 %gacha ish haqi soligʻi, 15% dan 25% gacha yagona ijtimoiy toʻlov va 8%-lik Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badali. Bunda xodim qoʻliga oladigan har ming soʻmga kichik korxonalarda 385 soʻmdan 655 soʻmgacha, yirik korxonalarda esa 505 soʻmdan 799 soʻmgacha miqdorda soliq toʻlangan. Bunday holat biznesning borgan sayin koʻproq xufiyona faoliyat yuritishga undagan.
2019-yilda keskin darajada yengillik berildi: 12 %-lik yassi, yaʼni daromad miqdoridan qatʼiy nazar bir xil stavkada soliq joriy qilindi. Ijtimoiy soliq barcha korxonalar uchun bir xil – 12 % qilib belgilandi. Bunda xodim qoʻliga oladigan har ming soʻmga toʻgʻri keladigan soliq summasi 273 soʻmgacha pasaydi.
Lekin, fikrimizcha, bundan-da maqbulroq tartib joriy etish imkoni mavjud va maqsadga muvofiqdir. Zero, yassi stavka joriy etilishida bir jihatdan “qosh qoʻyaman deb...”, “sallani olaman deb...” qabilida ish tutilib soliq solinmaydigan minimum “esdan chiqarildi”. Natijada, eʼtibor bering:
1 million soʻm maosh olinadigan shaxsning daromad soligʻi stavkasi 13,8 %dan 12 %gacha pasaytirildi, u 1,8%gina yutdi, yutuq summasi esa 18275 soʻmni tashkil qildi.
3 million soʻm maosh oladigan shaxsning daromad soligʻi 22,1 % dan 12 %gacha pasaytirildi, u 10,1 foiz yutdi, yutuq summasi esa 304125 soʻmni tashkil qildi.
10 raqamining 60 foizi 100 raqamining 30 foizidan 5 baravar kam boʻlgani kabi soliq yuki darajasi ham faqat uning stavkasi bilan emas, balki soliq toʻlangandan soʻng qoladigan summaning kishilarning tirikchiligi va biznesning yurib turishi uchun yetarli-yetarli emasligi bilan ham oʻlchanadi.
Dunyoning aksariyat davlatlarida daromad oshgan sayin soliq stavkasi ham oshadigan tartib, yaʼni progressiv shkala amal qiladi. Yassi stavka amal qiladigan ayrim davlatlarda, jumladan Rossiya, Qozogʻistonda, progressiv shkalaga oʻtish masalasi faol muhokama qilinmoqda.
Xususan, Qozogʻiston Prezidenti Kasыm-Jomart Toqayev hukumatga shaxsiy daromadlarga progressiv shkalani joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishni topshirganini maʼlum qildi (https://tengrinews.kz/kazakhstan_news/tokaev-vyiskazalsya-o-povyishenii-naloga-dlya-bogatyih-401955/)
Koʻpchilik rivojlangan davlatlarda soliq yuki bizdagiga qaraganda ancha yuqori. Ammo ushbu mamlakatlarda yuqori soliqlar toʻlangandan keyin qoladigan daromad bizdagiga nisbatan ancha yuqori darajada jismoniy shaxslarning yashash minimumini taʼminlaydi, biznesga esa yetarli darajada foyda qoldiradi.
Biz esa rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirganda kam toʻlaymi-zu, lekin bari-bir koʻpchilik biznes vakillari ham, jismoniy shaxslar ham yetar-yetmaslikdan qutila olmaydi...
SANAB SAKKIZ DEYDIGAN BOʻLSAK...
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Prezidentimiz tomonidan ayni paytda kambagʻallikni qisqartirish, aholining munosib hayot darajasi uchun zarur boʻlgan daromadlarni aniqlash, minimal isteʼmol savatchasi tushunchasini amaliyotga kiritish boʻyicha belgilagan vazifalardan kelib chiqib, daromad soligʻi tartibini yana-da takomillashtirish zarur. Buni quyidagi 2 ta variantda amalga oshirish mumkin.
1-variant. Daromadlarning yashash minimumiga - minimal isteʼmol savatchasi qiymatiga teng summadagi qismini soliqdan ozod qilgan holda 2 pogʻonali progressiv shkalani joriy etish:
birinchi pogʻona, masalan, 679330 soʻm (ayni payda belgilangan eng kam mehnat haqi miqdori) yoki 800 000 soʻm yoxud 1 000 000 soʻm boʻlishi mumkin – 0 stavka;
ikkinchi pogʻona - 679330 (800 000 yoxud 1 000 000) soʻmdan oshgan summaga – 12 %.
Taklif etilayotgan chora qanchalik muhimligini Moliya vazirligining joriy yil 1-choragida davlat byudjeti ijrosi haqidagi materialida keltirilgan ish haqi darajasiga doir koʻrsatkichlar ham tasdiqlaydi. Vazirlik materialida keltirilishicha joriy yil fevral oyida 1 mln. 767 ming kishining, yaʼni 41,6 % rasmiy ish bilan band boʻlgan shaxslarning oylik ish haqi 1 mln. soʻmdan oshmagan.
Bu demak, tartib birinchi variant boʻyicha takomillashtirilsa 2 millionga yaqin kishining daromadi oyiga qoʻshimcha 81 ming soʻmdan 120 ming soʻmgacha miqdorda oshadi.
2-variant. Minimal isteʼmol savatchasi qiymatiga teng summani soliqdan ozod qilgan holda 4 pogʻonali progressiv shkalani oʻrnatish.
Hisob-kitoblar bu tartibning eski tartibdan ham, amaldagi tartibdan ham afzalligini koʻrsatadi. Masalan, oyiga 4 million soʻmlik daromadga:
eski variantda soliq eng katta summa - 969125 soʻmni, daromadga nisbatan 24,2 %ni tashkil qiladi;
amaldagi variantda soliq oʻrtacha miqdorda – 480000 soʻmga teng, stavkasi 12%;
taklif qilinayotgan variantda soliq yuki enga kam: summasi 390000 soʻm, umumiy stavkasi 9,75%.
Daromad 5 mln. soʻm boʻlganda taklif qilinayotgan variantda 5chi million soʻmdan 25 % toʻlanishi hisobiga soliq yuki amaldagiga nisbatan biroz – 0,8 %ga oshib, umumiy hisobda amaldagi 600 ming soʻm oʻrniga 640 ming soʻm soliq toʻlanadi, yaʼni sezilarli darajada oshmaydi.
Ayni paytda (Moliya vazirligining 2020-yil fevral oyi boʻyicha keltirilgan rasmiy maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak) amalda rasmiy ish bilan band boʻlganlarning 40 foizdan ortigʻi 1 mln. soʻmdan kam, 90 foizining esa oylik daromadi 4 mln. soʻmga yetmaydigan iqtisodiy holatda 5 mln. soʻmdan koʻproq oylik daromad oluvchilar daromadining 4 mln. soʻmdan oshgan qismiga 25 %-lik soliq belgilash, fikrimizcha, ijtimoiy jihatdan adolatli chora hisoblanadi.
Taqqoslash uchun: daromad soligʻining maksimal darajasi Germaniyada 45, Yaponiyada 50, AQSHda 39,6, Xitoyda 45, Hindistonda 31,5, Avstraliyada 47, Eronda 35 foizni tashkil qiladi.
! Butun jahon (Rossiya va Qozogʻistondan tashqari) va mamlakatimizning 2019-yildan oldingi amaliyotidan kelib chiqadiki, jismoniy shaxslarga progressiv shkalada soliq solinishi - bu umumqabul qilingan iqtisodiy amaliyot, hatto, qonuniyatdir.
XULOSA...
2019-yilda joriy etilgan, past daromad oluvchilarga nisbatan adolatsiz, umumiqtisodiy, yaʼni davlat byudjeti manfaatlari - umumhalq manfaatlari nuqtayi nazardan nomaqbul, dunyoning deyarli hech bir mamlakatida qoʻllanilmaydigan past yassi soliq shkalasidan – bu tartibga oʻrganib, yomon odatlanib qolmasimizdan oldin - 2021-yildan boshlab progressiv shkalaga oʻtishimiz lozim.
Prezidentimiz 9-iyun kuni iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishi rasmiy xabarida aytilishicha, “Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qisqa va oʻrta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi”. Demak, mutasaddi idoralarga ishonch bildirilib, tashabbus koʻrsatgan holda faol ishlashlari talab etilyapti.
Umid qilamizki, 2,5 yil oldin qoʻyilgan, lekin bajarilmagan, amaliyotga “isteʼmol savatchasi” meʼyorini joriy etish vazifasi bu gal ushbu idoralar tomonidan bajariladi va shu asnoda 2021-yil soliq konsepsiyasida jismoniy shaxslarning tirikchiligi uchun zarur soliq solinmaydigan eng kam miqdor umumiqtisodiy qoidasi oʻz aksini topadi.
Farhod Qurbonboyev,
iqtisod fanlari nomzodi