Yarmarkalardagi mahsulotlar narxi doimiy nazoratda
Jizzax viloyatining barcha shahar va tuman markazlarida Yangi yil bayrami oldi arzonlashtirilgan narxdagi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar savdo yarmarkalari tashkil etilgan.
Olis Forish tumanidagi “Forish dehqon bozori”da yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyati aholiga qulay bo‘lmoqda.
Unda fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qayta ishlash korxonalari, agrofirmalar tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan turli qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda.
[gallery-10074]
Xususan, rastalardagi kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, keng assortimentdagi oziq-ovqatlar, qayta ishlangan mahsulotlar, ho‘l va quruq mevalar sifati va maqbul narxi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda.
Savdo shoxobchalari faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida bozorlarda zarur zaxira yaratilgan.
Haftaning har shanba kuni faoliyat yuritayotgan tuman markazidagi “Farhod dehqon bozori”da ham savdo yarmarkasi bayram arafasida har kuni ishlayapti.
* * *
Zarbdor tumanidagi “Zarbdor dehqon bozori”da yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi aholi bilan gavjum.
– Arzonlashtirilgan, hamyonbop narxlardagi oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarning Yangi yil bayrami arafasida tashkil etilgani juda yaxshi bo‘ldi, – deydi zarbdorlik vrach Husan Otajonov. – Menga eng ma’qul kelgani, savdo yarmarkasida sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilinib, savdoga chiqarilgan barcha mahsulotlarning sifati kafolatlangan. Bu gapni shifokor bo‘lganim uchun emas, balki, fuqarolarimiz, oila a’zolarimiz, farzandlarimizning salomatligiga befarq bo‘la olmaganim uchun aytyapman.
* * *
Zomin tumani prokurori H.Abdullayev va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i F.To‘ychiyev Dashtobod shahridagi “Dehqon bozori”da tashkillashtirilgan “Yangi yil savdo yarmarkasi”ga chiqarilgan mahsulotlarning narx-navosi bilan tanishdi, sotuvchi va xaridorlar bilan suhbatlashdi.
– Bozor ma’muriyati va tadbirkorlar bilan narxlarni oshirmaslik, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordik, – deydi Zomin tumani prokurori Hamidulla Abdullayev. – Fuqarolarimiz Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashi uchun narxlar arzonlashtirilgan. Bu esa xalqimizning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi. Bozorlardagi narx-navo doimiy nazoratimizda bo‘ladi.
Viloyatning boshqa shahar va tumanlaridagi arzonlashtirilgan “Yangi yil savdo yarmarkalari”da barcha turdagi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, boshqa mahsulotlarda taqchillik yuzaga kelmasligi, narxlarning sun’iy ravishda ko‘tarilib ketmasligi doimiy nazorat qilinyapti.
Aholiga qulaylik yaratish va zarur mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazib berishga mo‘ljallangan savdo yarmarkalari faoliyati yangi 2023 yil – Insonga e’tibor va ta’lim sifati yilining 5 yanvar kuniga qadar davom etishi belgilangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA