Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari
Ko‘pincha ayollarning o‘zaro suhbatida o‘g‘il uylash uchun munosib qiz qidirilayotgani, begonalarning farzandidan ko‘ra, qarindosh qizning ham afzal, ham sinashta ekani haqidagi gaplarga guvoh bo‘lamiz. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh. U qanchalik xavfsiz?
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Sherzod Do‘snayev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– So‘nggi yillarda jahon miqyosida aholi salomatligi, ayniqsa, irsiy kasalliklar profilaktikasi masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tibbiyot va genetika sohasidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ayrim hududlarda ijtimoiy-an’anaviy omillar ta’sirida saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, ular sog‘liq uchun muayyan xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda genetika sohasidagi ilmiy izlanishlar bu borada muhim dalillarni taqdim etadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday nikohlar natijasida tug‘ma nuqsonlar, irsiy kasalliklar va nogironlik holatlari xavfi ortadi.
Tibbiy adabiyotlarda bu holat genetik materialning o‘xshashligi bilan izohlanadi. Quyida ushbu masalaning asosiy ikki jihati keltiriladi. Birinchidan, irsiy kasalliklar va tug‘ma nuqsonlar xavfining ortishi bo‘lsa, ikkinchidan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda ota-onadan o‘tuvchi genetik materialning o‘xshashligi yuqori bo‘lgani sababli yashirin kasalliklarning namoyon bo‘lish ehtimoli sezilarli darajada ortadi.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, umumiy populyatsiyada tug‘ma nuqsonlar xavfi odatda 2-3 foiz atrofida bo‘lsa, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda bu ko‘rsatkich 4-6 foizgacha yetadi, ya’ni deyarli ikki baravar oshadi.
Bundan tashqari, ayrim tadqiqotlarda tug‘ma anomaliyalar uchrashi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda 2,8 foiz, qarindosh bo‘lmaganlar o‘rtasidagi nikohlarda esa atigi 0,9 foiz ekani aniqlangan. Genetik nuqtai nazardan esa birinchi darajali qarindoshlarda genlarning o‘xshashligi taxminan 12,5 foizni tashkil etadi. Bu esa kasallikni keltirib chiqaruvchi genlarning birlashish ehtimolini sezilarli oshiradi.
Natijada, bunday nikohlarda tug‘ilgan bolalarda qon kasalliklari, metabolik buzilishlar, asab tizimi nuqsonlari kabi irsiy kasalliklar ko‘proq uchrashi ilmiy jihatdan tasdiqlangan.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh farzandlardagi nogironlik va rivojlanishdagi kechikishlarga ham sabab bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Genetik mos kelish darajasining yuqoriligi nafaqat aniq irsiy kasalliklar, balki bolalarning umumiy rivojlanish jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda tug‘ilgan bolalarda jismoniy va aqliy rivojlanish kechikishi holatlari 1,5-2 baravar ko‘proq uchraydi. Ayrim epidemiologik kuzatuvlarga ko‘ra, bunday nikohlarda bolalar o‘limi va nogironlik bilan bog‘liq holatlar 3-4 foizga yuqori bo‘lishi mumkin, umumiy populyatsiyada esa bu ko‘rsatkich odatda 1-2 foiz atrofida baholanadi.
Shuningdek, eshitish va ko‘rish nuqsonlari bilan tug‘ilish ehtimoli qarindosh nikohlarda 2 baravargacha ortishi qayd etilgan. Immun tizimi zaifligi va tez-tez kasallanish holatlari ham ko‘proq uchrashi ilmiy kuzatuvlarda tasdiqlangan. Ayniqsa, bir necha avlod davomida takrorlangan qarindosh nikohlari mavjud oilalarda genetik “yuk” to‘planib borishi natijasida ushbu xavflar yanada kuchayadi va og‘irroq klinik holatlar bilan namoyon bo‘lish ehtimoli ortadi.
Shu bilan birga, mutaxassislar ushbu masalaga faqat tibbiy emas, balki ijtimoiy va ma’rifiy yondashuv zarurligini ta’kidlaydi. Nikohdan oldingi tibbiy-genetik maslahat, aholining xabardorligini oshirish va profilaktik choralarni kuchaytirish orqali salbiy oqibatlarning oldini olish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, an’anaviy qadriyatlar va sog‘liqni saqlash manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash muhimdir. Ilmiy asoslangan yondashuv, ongli tanlov va profilaktik tibbiyot choralarini kuchaytirish orqaligina sog‘lom avlodni shakllantirish mumkin.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.