Yapon xattotligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida“O‘zbekiston–Yaponiya” do‘stlik jamiyati va Toshkentdagi an’anaviy choy marosimini o‘rganish jamiyati va O‘zbekistondagi Yaponiya elchixonasi hamkorligida Yapon xattotligi guruhining hisobot ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Xattotlik yozuvi Yaponiyada VII asrda paydo bo‘lgan. Xitoy uslubi asosida yapon xattotligida bir qancha yangi usullar yaratildi, ushbu uslublar anchagina soddaligi va hissiyotga boyligi bilan ajralib turadi.
Yapon xattotlik san’ati ijodkordan eng yuqori darajada e’tiborni bir joyga to‘plash va bajarishda ichki hissiyotni his etishni talab qiladi.
[gallery-1039]
Ko‘rgazmada yapon xattotligi guruhining rahbari rassom, xattotlik ustasi Gayane Matevosyan va uning shogirdlari Aleksey Ulko, Arnella Gazarova, Shamil Yusupov, Sofiya Rahimova, Ilona Kachurova va Ryoya Sakamakilarning 50 ga yaqin ishlari namoyish qilindi.
Mazkur ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar nafaqat yapon madaniyati va san’atidan bahramand bo‘lishdi, balki, ular haqiqiy yapon choyini ichishga ham muyassar bo‘lishdi.
Ko‘rgazma 20 fevraligacha davom etadi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA