Yapon tadbirkorlari o‘quv poligonini barpo etishadi
Guliston tumanida yaponiyalik investorlar bilan hamkorlikda yirik o‘quv va bandlik loyihasi amalga oshiriladi. Tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev va Yaponiyadan kelgan tadbirkorlar delegatsiyasi o‘rtasidagi uchrashuvda aholi bandligini ta’minlash, yoshlar uchun xalqaro ish imkoniyatlarini yaratish asosiy masala sifatida qayd etildi.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, Guliston politexnikumi huzuridagi o‘quv markazi yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda A, B, C, D, E toifadagi haydovchilik turlarini tayyorlashga ixtisoslashgan kurslarni yo‘lga qo‘yadi. Barcha bosqichlarni muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolar Migratsiya agentligi orqali ishchi viza bilan Yaponiyaga yuborilishi rejalashtirilgan. Bu esa yoshlarning xorijiy mehnat bozoriga chiqishiga keng imkoniyat yaratib, ularning barqaror daromad olishiga xizmat qiladi.

Yapon tadbirkorlari tashabbusni qisqa fursatda amalga oshirish niyati borligini bildirib, politexnikum tasarrufidagi 1,5 gektar maydonda quriladigan o‘quv poligoni loyihasini taqdim etishdi. Mazkur maydonda zamonaviy texnikalar joylashtirilib, amaliyot jarayonlari xalqaro standartlar asosida tashkil etiladi. Ayniqsa, maxsus o‘quv mashinalari yordamida tezkor va yuqori sifatli tayyorgarlik jarayonlari yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.

Mahalliy mutaxassislar fikriga ko‘ra, loyiha Guliston tumanidagi bandlik muammosini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Yaponiya bilan o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlab, yoshlarning kasbiy malakasini oshirish va jahon bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar va mahalliy idoralar o‘rtasidagi bu hamkorlikning amalga oshishi Gulistonda kadrlar tayyorlashning yangi bosqichini boshlab berishi kutilyapti.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri