Yapon rassomi Ikuo Xirayamaga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida Ikuo Xirayamaning “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab” ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikuo Xirayama (1930-yil 15-iyun — 2009-yil 2-dekabr) — mashhur yapon rassomi, tadqiqotchi olim, jamoat arbobi va Toshkent hamda Kamakura shaharlarining faxriy fuqarosi bo‘lgan. U an’anaviy yapon tasviriy san’ati bo‘lgan nihonga (Nihonga) uslubining eng yirik vakillaridan biri bo‘lib, o‘z ijodi hamda ilmiy faoliyatini Buyuk ipak yo‘li tarixi va madaniyatini o‘rganishga bag‘ishlagan.

Tadbirda qayd etilganidek, rassomning birinchi marta 1968-yilda Toshkent, Samarqand, Buxoro bilan tanishuvi unda katta taassurot qoldirgan. Ikuo Xirayama tomonidan naturadan ishlangan eskizlar, qoralamalar, etyudlar qadimiy Turon tarixi, siymolari va shaxslariga bag‘ishlangan ta’sirchan asarlar turkumiga asos bo‘ldi.

Uning barcha asarlarida rassom va olim nigohi mavjud, nozik idrok etilgan voqelik seziladi va unga xos bo‘lgan badiiy tafakkurning majoziyligi ifodalangan. 2002-yil dekabr oyida u O‘zbekistonga oltinchi marta tashrif buyurdi hamda muhim voqea: xalqaro ma’rifiy markaz vazifasini bajaradigan madaniyat karvon saroyining ochilish marosimida ishtirok etdi.

U XXI asr insoniylikning tiklanishi, Yer yuzidagi barcha xalqlarning teng huquqli muloqoti belgisi ostida o‘tishiga ishongan va umid bilan qaragan. Rassom Ipak yo‘lining qadimiy an’analarini qayta tiklash, jumladan, xalqlar va ularning vakillari o‘rtasida ma’naviy, ilmiy va madaniy muloqotni targ‘ib qilish va rivojlantirish, ularni taraqqiyot yo‘lida birlashtirish zarurligini va bu g‘oyani amalga oshirish bilan bog‘liq orzusi uzoq vaqt davomida amalga oshmay qolganini bir necha bor aytgan.

Ikuo Xirayama o‘z orzusini Toshkentda amalga oshirdi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qoshida xalqaro ma’rifiy markaz sifatida madaniyat karvon saroyining ikkita binosini qurishda homiylik qildi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasida Ikuo Xirayamaning nihonga (yapon rangtasviri) va akvarel texnikalarida ishlangan 50 dan ortiq reproduksiyasi taqdim etilgan.
Ko‘rgazma joriy yil 16-avgustgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA