Yanvarda Nashriyotlar forumi o‘tkaziladi — AOKA
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni ijro etilishi holatini Toshkent shahri misolida o‘rganishga oid nazorat-tahlil tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev, qo‘mita a’zosi Umidjon Jabborov, AOKA direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, shuningdek, agentlikning boshqa mas’ul xodimlari, deputatlar, davlat va xususiy nashriyotlar mutasaddilari, matbaa korxonalari va kitob savdosi tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi noshirlik, matbaa va kitob savdosi sub’ektlarining “onlayn” ishtiroki ta’minlandi.
Ta’kidlanishicha, noshirlik xizmatlari bozorida yaratilgan teng imkoniyatlar va sharoitlar natijasida sohada faoliyat yurituvchi sub’ektlarning soni sezilarli darajada ortib, sog‘lom raqobat muhiti shakllanib bormoqda. Masalan, 2019 yilda yurtimizda 227 ta nashriyot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni salkam 360 taga yetdi. Bu nashriyotlarning 41 tasi davlat tasarrufidagi korxonalar bo‘lsa, qariyb 320 tasi xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli. Matbaachilikdagi ko‘rsatkichlar ham sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2022 yilning 1 noyabr holatiga respublikamizdagi matbaa korxonalarining soni 1 ming 746 taga yetdi. Ularning 1660 tasi xususiy korxonalardir.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan nashriyotlar sonining o‘sishi, tabiiy ravishda, nashr etilayotgan kitob mahsulotlarining nomlari, turlari va adadining ko‘payishi hamda aholining kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘liqroq qondirishga zamin yaratmoqda. Xususan, 2019-2022 yillar mobaynida nashriyotlar tomonidan jami 28 ming 565 nomda 242,2 million nusxada kitob mahsulotlari nashr etilgan. Ularning 132 million nusxasini adabiy-badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar tashkil etdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘.Bozorov “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish vazifasi ham alohida belgilab qo‘yilgani, bu borada Toshkent shahrida va respublika miqyosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

—Fursatdan foydalanib, AOKA tashabbusi bilan 2023 yil yanvar oyida noshirlik sohasiga bag‘ishlangan Nashriyotlar forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qilmoqchiman. O‘ylaymanki, mazkur anjumanda yana bir bor “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ijrosi doirasidagi ishlarni tahlil qilib, erishilgan yutuq va kamchiliklar hamda muammolarni o‘rganib chiqib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olamiz, — dedi G‘.Bozorov.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilish davomida noshirlik, matbaachilik sohasi hamda kitob bozorini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari atroflicha muhokama qilindi. Sifatsiz va kontrafakt matbaa mahsulotlari realizatsiyasining oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan takliflar bildirildi. Sohada yechimini kutayotgan va hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
N.Usmonova, O‘zA