Yangiyo‘lda xonadonlarga uzum ko‘chatlari tarqatildi
Bugun aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash, bugungi kunini kechagidan yaxshi qilish maqsadi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning bosh mezonidir.
O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, qolaversa, uzum ekish va parvarishlashga qiziqqan 5 mingta xonadonni uzumchilikka ixtisoslashtirish uchun har bir xonadonga 10 tupdan jami 50 ming tup eksportbop uzum ko‘chatlarini yetkazib berilmoqda. Shuningdek, Agentlik va tuman hokimligining mutaxassislari ekish ishlariga ham bosh-qosh bo‘lishmoqda.
Bundan tashqari, sifatli va serhosil uzum yetishtirish uchun hokimlik mutaxassislari voyishsimon so‘ritoklar qurish ishlarini boshlab yuborishdi. Sifatli uzum olishda uzum novdasini so‘rilarga olish muhim omil hisoblanadi.
Yetkazib berilayotgan “Toifi”, “Qora kishmish”, “Kelin barmoq”, “Rizamat” kabi uzum navlarini aholi katta qiziqish bilan olib xonadonlariga va ko‘cha bo‘ylariga ekmoqdalar.
Hozirgi vaqtga qadar Yangiyo‘l tumanida jami 216,2 gektar uzumzor mavjud bo‘lib, shundan 7,5 gektar xo‘raki, 26,3 gektar kishmishbop, 70,8 gektar sanoatbop uzumlardir.

bugungi kunda nafaqat o‘zlashtirilayotgan yerlarda, keng dalalarimizda uzumzorlar barpo qilish, balki har bir xonadonda milliy qadriyatga aylanib ulgurgan uzum yetishtirish an’anasini davom ettirish ham maqsad muddaoga aylangandir.

Ushbu tashabbuslar davomida Yangiyo‘l tumanining G‘alaba mahallasida istiqomat qiluvchi Alimova Aziza opaning xonadonida bo‘lganimizda 4-5 yillik uzum novdalariga chiroyli ko‘rinishda shakl berib, mehr bilan parvarishlanganligining guvohi bo‘ldik. – Rostini aytsam vaqt topolmayotgandik borib uzum ko‘chatlarini olib kelishga, — deydi xonadon egasi. Xonadonimizgacha olib kelib ko‘chat bersayu, agar shuni ham mehnat qilib hosilini yemasak uyat bo‘ladi. Biz 12 tup uzum ko‘chatidan mana ikki yildirki o‘rtacha 300-350 kilogramm hosil olamiz. Uyda ishkomdan vaqti bemahal uzum uzum yeganga, yoru birodarga yo‘qlagandagi rohatga yetadigani yo‘q. Eng muhimi, ishonchli navdagi uzum ko‘chatini ekib, parvarishlashimiz, — deya izoh bildirdi.
Ha, uzum uzoq yillik, ko‘p e’tibor va mehr talab etadigan o‘simlikdir. Qolaversa, uni ko‘chatligidanoq beradigan hosili va olinadigan daromadni o‘ylash ham shart.
O‘zbekiston Respublikasi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga
solish hamda vinochilikni rivojlantirish
agentligi matbuot kotibi D. Siddiqova