Yangiyerda tibbiy ko‘rik tashkil etildi
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida kardiolog, xirurg, pediatr, akusher-ginekolog, endokrinolog, dermatovenerolog, oftalmolog, travmatolog kabi tor soha mutaxassislaridan tarkib topgan tibbiy jamoa tomonidan "Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun" shiori ostida 40 va undan yuqori yoshdagi aholi orasida manzilli va maqsadli tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
– Tibbiy ko‘rik jarayonlariga EKG, UZI, laboratoriya, tez tibbiy yordam shifokorlari va tez yordam avtomashinalari jalb etildi, – deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar O‘ralov. – Shart-sharoit yaratildi va ulug‘ yoshdagilar, homiladorlar, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar, yurak qon-tomir xastaligi, jumladan, arterial gipertoniya kasalligi, qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalliklari, xavfli o‘smalar, surunkali buyrak va jigar kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar salomatligiga e’tibor qaratildi.

Tibbiy ko‘rik jarayonlarida yotoq va yarim yotoq rejimidagi bemorlarning ro‘yxati shakllantirilib, ko‘chma shifokorlik punkti orqali barcha tibbiy-instrumental tekshiruvlar ular yashayotgan xonadonda o‘tkazildi.

Ma’lum qilishlaricha, bugungi kunga qadar 2 ming 2 yuz nafardan ortiq fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 867 nafar fuqaroda yurak qon-tomir tizimi bilan bog‘liq xavflar aniqlandi. 512 nafar fuqaroning 33 nafarida yurak qon-tomir, 21 nafarida qandli diabet, 458 nafarida semizlik bilan bog‘liq kasalliklarning ilk belgilari kuzatildi. Ushbu kasalliklarning kelishiga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganilib, uni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida yig‘ilish o‘tkazilib, sog‘lomlashtirish rejalari tuzildi. Aholi salomatligini doimiy ravishda kuzatib borish va sog‘lomlashtirish tadbirlarini ular yashayotgan manzil va mahallalarda o‘tkazish bo‘yicha oila shifokorlari va patronaj hamshiralarga tegishli topshiriqlar berildi. Salomatlik ko‘rsatkichi o‘ta og‘ir fuqarolarni statsionar va ambulator davolash choralari ko‘rildi.

Shu bilan birga, Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish bo‘limi xodimlari tomonidan “Mahallabay” va “Xonadonbay” sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilib, unga yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan fuqarolar jalb etildi.

Mutaxassislar aholiga inson salomatligini saqlashda muhim sanalgan sog‘lom ovqatlanish qoidalari, jismoniy faollik va uning afzalliklari to‘g‘risida tavsiyalar berdi.
G‘ulom Primov,
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati mas’uli.
O‘zA