"Yangiyer tajribasi" yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanining eng olis va chekka hududi hisoblangan "Yangiyer" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholi daromadini oshirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda tumandagi 28 ta mahallaning faollari ishtirok etdi. Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Yuldoshev, tuman IIB boshlig‘i Avazbek To‘raqulovlar ham ishtirok etib, Yangiyer mahallasida aholining daromadini oshirish, fuqarolar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan "Xonadonbay" va "Mahallabay" ishlarni tumandagi boshqa mahallalarda ham yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr yuritildi.

Tadbirkorlik qilish, oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan yoshlarning imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moliyaviy, ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.
Xullas, Yangiyer mahallasida tajriba tariqasida amalga oshirilayotgan ishlar, "Yangiyer tajribasi" nomi ostida Xovos tumanining boshqa mahallalarida ham yo‘lga qo‘yilgach, ishsiz va ijtimoiy yordamga muhtoj kishilar soni sezilarli darajada kamayadi. Bu esa oilalarda oilaviy xotirjamlik, farovonlikning yuzaga kelishini ta’minlashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri