Yangilanayotgan Surxonga yangi yo‘llar yarashadi
Publitsistika
Yurtni yayov kezsangiz ham, ot yoki ulovda aylansangiz ham ravon yo‘l joningizga oro kiradi. Notekis, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lsa, yo‘lingiz unmaydi. Poyu-piyoda, otda yo avtomobilda bo‘ling, aziyat chekib, dilingiz ranjiydi.
Surxon tarafda uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni oson qiladigan avtomobil yo‘llari vohaning og‘riqli nuqtasi bo‘lib qolgan edi. Mahalliy aholi mehmonlardan “Surxondaryo chegarasiga kirishimiz bilan yo‘l azobi qiynadi”, “E, bu yo‘llaringizda yurib bo‘lmas ekan-u?”, “Surxonning yo‘lini bunaqa tasavvur qilmaganman”, kabi ilmoqli va ayni paytda dangali gaplarni ko‘p eshitgan. Bu fikrlardan andak xijolat cheksa-da, lo‘nda qilib, “shunisiga ham shukr” deya javob bergan.
Adashmayotgan bo‘lsam mamlakatimizda “Lasetti” yengil mashinasi endi ishlab chiqarilgan yillar edi. Poytaxtdan xizmat safari bilan kelgan hamkasblarimni kechki payt Qarshiga kuzatishga to‘g‘ri keldi. Maslahatlashib, mehmonlarni yangi “Lasetti”da eltib qo‘yadigan bo‘ldik. Qosh qorayganda yo‘lga chiqishdi. Ertasi kuni ulardan biriga qo‘ng‘iroq qilib, qanday yetib olishgani bilan qiziqdim.
– Xalqimizda olis yo‘l otni, og‘ir yo‘l sabru qanoatni sinaydi, degan maqol bor, – dedi hamkasbim birpas suhbatlashganimizdan so‘ng. – Har tugul shofyor tajribali ekan. Qorong‘ida ham yo‘ldagi chuqurliklarni terib haydadi. Lekin, ularning ikkitasini aylanib o‘tsa, bittasiga tushmaslikning ham iloji yo‘q edi. Yo‘llaringiz yangi “Lasetti”ni ham, bizni ham sinovdan o‘tkazdi. Toki, bu yo‘llar soz bo‘lmasa, yengil mashinada Surxondaryoga borishga yuragim dov bermasa kerak.
Surxondaryoliklar azaldan boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib yashaydi. Atrofda birorta bunyodkorlik ishi boshlansa, hayotini o‘zgartiradigan yangilik bo‘lsa, quvonadi. Shukrimizning tagida, qanoatimiz qo‘ynida baraka bor ekan, deya suyunadi. Ana shu yangilanishdan faxr hissini tuyib yuradi.
Bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan xalqaro avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llar tubdan rekonstruksiya qilinib, ta’mirlanayotgani, soy-jilg‘alarda ko‘priklar bunyod etilib, tekis, keng yo‘llar qurilayotgani voha ahliga bir olam quvonch ulashmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil mart oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida odamlardan Denov-Boysun yo‘nalishida tushayotgan e’tirozlarini inobatga olib, o‘zi yengil avtomobil haydagani va yo‘llar sifatidan qoniqish hosil qilmay, viloyat rahbariga sifatli, tekis yo‘l barpo etish topshirig‘ini bergani ham yoshu keksaning faxr-iftixor hissini yuksaltirgan edi. Ana shu topshiriq ijrosi doirasida keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vohada 16 ming 171 kilometr avtomobil yo‘li mavjud. Uning 2 ming 843 kilometri umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari, 13 ming 327 kilometri mahalliy hokimliklar balansidagi ichki avtomobil yo‘llaridir.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash uchun mamlakat va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 579,1 milliard so‘m evaziga 733,2 kilometr avtomobil yo‘li qurildi. Rekonstruksiya qilinib, ta’mirlandi. Jumladan, 359,4 kilometr umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘lini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash uchun 313,7 milliard so‘mlik ish bajarildi. Investitsiya dasturi doirasida 6,4 kilometr yo‘lga 78,5 milliard so‘m, to‘la ta’mirlash dasturiga asosan 12 kilometr yo‘lga 26,8 milliard so‘m, joriy ta’mirlash, saqlash, ko‘kalamzorlashtirish hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 310,1 kilometr yo‘lga 208,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Mahalliy hokimliklar balansidagi 423,1 kilometr uzunlikdagi ichki avtomobil yo‘lini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash uchun 265,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Viloyatning 8 ta tumanidan o‘tuvchi 4R100 “Manguzar q.-Jarqo‘rg‘on sh.-Bandixon q.-Oltinsoy q.-Denov sh.” avtomobil yo‘li vohaning eng asosiy transport koridori sanaladi. Ta’mirtalab, muddatini o‘tab bo‘lgan mazkur yo‘lning 11 – 126-kilometr qismi hamda Muzrabot tumanining Tong yulduzi mahallasidan o‘tuvchi 4R110 “Sherobod sh.-Poshxurt q.-Oqtosh q-Muzrabot q” avtomobil yo‘lining 72 – 82-kilometrlar 4K626 “Sherobod sh.-Boldir q.” avtomobil yo‘lining 21 – 29-kilometrlari ham respublika byudjeti mablag‘i hisobidan zamonaviy qiyofada ta’mirlanib, yo‘lovchilar uchun barcha qulaylik yaratilmoqda. Termiz shahridagi A.Navoiy, At-Termiziy, Iso Termiziy nomli va “Yangi O‘zbekiston” ko‘chalari, Denov shahridagi Sh.Rashidov nomli va “Boysun” ko‘chalari tubdan rekonstruksiya qilinayotir.
[gallery-20684]
Bunday ulkan ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun katta mablag‘ sarflanib, yo‘lsozlarning mashaqqatli mehnati evaziga keng, ravon yo‘llar qurilmoqda. Odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga munosib, zamonaviy yo‘l infratuzilmasi shakllanmoqda.
Davlatimiz rahbari 2022 yil 4 aprelda “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini qabul qilgan edi. Ayni paytda mazkur hujjatga muvofiq janubdagi vohaning “4R105 Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5 - 70 kilometr qismi va “4R100 Manguzar-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128 - 174 kilometr qismi rekonstruksiya qilinmoqda. Yirik loyiha uchun o‘tkazilgan tender savdolarida qardosh Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyati g‘olib bo‘ldi. Uzunligi 111 kilometr yo‘lning qariyb 108 kilometri sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilinayotir.
Boysun tumanidagi Darband qishlog‘idan boshlanuvchi “Darband-Denov” yo‘nalishi bo‘yicha 4R105 avtomobil yo‘li tog‘ va adirliklardan o‘tgan. Yirik loyihani amalga oshirish chog‘ida yo‘lga sement-beton qoplama yotqizish barobarida 26 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 114 ta suv quvuri, ikkita avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlarini qayd etuvchi nazorat posti barpo etish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 147,6 million dollarni tashkil etadi.
Boysun tog‘lari bag‘rida yirik bunyodkorlik maydoniga aylangan yo‘l qurilishida 300 ga yaqin texnika va 400 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Yo‘lni tez, sifatli barpo etish uchun xorijlik mutaxassislar ham jalb etilgan. Koreyaning “DONGSUNG Engineering” kompaniyasi muhandis-konsultantlari va o‘zbekistonlik tajribali mutaxassislar qurilish sifatini nazorat qilmoqda.
– Shu kungacha yo‘lsozlar 25,7 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirib, 5,3 million metr-kub hajmdagi yer ishlari, 81,3 ming metr-kvadrat asfalt ko‘chirish, 5,3 kilometr muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini yakunladi, –deydi nazoratchi Bobomurod Allaberdiyev. – Loyihaning 28,6 kilometr qismida yer ishlari tugatilib, birinchi va ikkinchi qatlam tosh-shag‘al yotqizish yakunlangan. 6,6 kilometr masofadagi yo‘lda ishlar to‘liq yakunlanib, beton yotqizilmoqda. Loyihani amalga oshirishda tezkorlik bilan birga sifatiga ham alohida e’tibor berilayotir.
Sement-beton qoplamali yo‘lning eni hududning joylashuvidan kelib chiqib, 9 metrdan 19 metrgacha uzunlikda bo‘ladi. Keng, ravon yo‘lni barpo etish uchun yo‘l o‘tadigan qiyaliklar kengaytirilib, tekislanmoqda. Tosh-shag‘al aralashmasi yotqizilib, mustahkamlanayotir. Mutaxassislar viloyatda qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘lning asfalt to‘shalgan yo‘lga nisbatan uzoq muddat ta’mirsiz xizmat qilishini ta’kidlaydi. Yog‘ingarchilik, yozdagi issiq harorat va og‘ir yukli avtomobillar asfalt yo‘lni tez ishdan chiqarishi e’tiborga olinadigan bo‘lsa, sement-beton qoplamali yo‘l chorak asrdan ko‘proq benuqson xizmat qiladi. Buning uchun qorishmaga betonning chidamliligini oshiradigan birikmalar ham qo‘shiladi. Tosh-shag‘al, tuproq, sement kabi mahsulotlar bosh pudratchi laboratoriyasida ham ko‘rikdan o‘tkaziladi.
– Yo‘lning asosiy ishlari yakunlangach, sement-beton qoplama yotqizish boshlanadi, – deydi “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyati menejeri o‘rinbosari Fikrat Shodmon o‘g‘li. – To‘shalgan qoplama bo‘yi 27 santimetrni tashkil etadi. Beton qorishmasi maxsus texnika bilan to‘shaladi. U bir ish kunida ikki kilometr masofaga qariyb besh ming kub beton yotqizish quvvatiga ega. Qurilish-rekonstruksiya ishlariga Koreya, Qozog‘iston, Gruziya kabi davlatlarning eng tajribali yo‘lsozlari ham jalb etilgan.
“Darband-Denov” yo‘nalishi bo‘yicha 4R105 avtomobil yo‘lining o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolgani sababli ko‘p yillardan buyon viloyatning Oltinsoy, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlariga harakatlanadigan transport vositalari Sherobod tumani orqali qatnayotgan edi. Sement-beton qoplamali keng, tekis yo‘lning barpo etilishi endilikda ularning mazkur yo‘nalishda harakatlanishini qariyb yuz kilometrga yaqinlashtiradi. Mustahkam, ravon yo‘l manzillariga bexavotir yetib olishiga qulay imkoniyat yaratadi.
Shijoatkor quruvchilar bu yo‘lning Boysun tumani markazigacha bo‘lgan dastlabki qismini kelgusi yil foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.
Viloyatda yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirib, aholiga munosib hayot tarzini yaratish uchun ichki yo‘llar holatini yaxshilash va ulardan foydalanish sifatini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu yo‘nalishda ham maxsus loyiha ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, Bandixon, Boysun, Denov, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy tumanlaridagi 18 ta mahallaning 28 ta ko‘chasida sement-beton qoplami yo‘l qurilishi boshlangan. Bu jarayonda qariyb 53 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga sement-beton qoplamasi yotqizilib, mustahkam, ravon yo‘llar qurilmoqda.
Viloyatda yo‘lsozlarning bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida Bandixon tumanida Bektepa mahallasilik Bahriddin Xursanov bilan suhbatlashib qoldik. Rekonstruksiya qilinayotgan yo‘l sifati va yaratilayotgan qulayliklar haqida ancha gurunglashdik.
– Bunday yo‘llarda avtomobil boshqarish biz uchun ushalmas orzu bo‘lib tuyular edi, – deydi Bahriddin Xursanov. – Qarang, oynadek tekis yo‘l barpo etilmoqda. Har safar adirlikda yangi qurilayotgan shu yo‘l yonidan o‘tayotganimda beixtiyor quvonib ketaman. Bu quvonch menga o‘zgacha shijoat ulashadi. Yanada obod turmushga ishonchimni oshiradi. Yangilanayotgan Surxondaryomizga yangi yo‘llar uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashayotganidan faxr hissini tuyaman.
Ha, viloyatda olib borilayotgan bunday ulkan ishlar sabru qanoatli Surxon elining asriy orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarib, yo‘lovchilarning keng, ravon yo‘llarda emin-erkin harakatlanishiga qulay muhit yaratayotir. Bu yo‘llardan yilning to‘rt faslida ham Boysun orqali vohaning boshqa tumanlariga o‘tish yoki yurtimizning boshqa hududlariga borish o‘zgacha zavq ulashadigan yangi davr kelayotganidan darak berayotir. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga, odamlarning tinch, farovon va to‘kin hayotini ta’minlashga qaratilayotgan islohotlarning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri