“Yangilanayotgan Parkent” kitobi nashr etildi
Davlatimiz rahbari xalqimiz manfaatlari, uning farovonligi yurtimizda kechayotgan islohotlarning asosiy maqsad-muddaosi ekanini doim alohida e’tirof etadi. Ana shu g‘oya qiyofasi tubdan o‘zgarayotgan mamlakatimizda, shaharu qishloqlarda o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan uyg‘un ko‘rib, mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimizning ongu-shuurida ustuvor. Yaqindagina “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Yangilanayotgan Parkent” nomli kitobda jonajon O‘zbekistonimizda kechayotgan ulkan yangilanish va o‘zgarishlar maftunkor Parkent tumani misolida g‘oyat samimiy, go‘zal badiiyat bilan taqdim etilgan.
Hech yerda uchramas tabiati, ekologik musaffoligi, xushhavosi bilan jahondagi minglab sayyohlarning e’tiborini, hayrat va havasini o‘ziga jalb etayotgan Parkent tumanida aholining og‘irini yengil, mushkulini oson etadigan, odamlarning turmushini yaxshilaydigan, hayotdan rozi bo‘lib yashashga madad beradigan yangi reja va dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bugun hech ikkilanmay, “yangilanib, yasharib borayotgan hudud” degan ibora mamlakatimiz hayotining asl haqiqatiga aylandi. Bu iborani maftunkor va so‘lim Parkent tumaniga ham qo‘llash mumkin.
Bu hudud Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan. Yurtboshimizning 2025 yil 18 iyun kuni tumanga navbatdagi tashrifi davomida Parkent chindan ham keskin ijobiy o‘zgarishlar, islohotlarga yuz tutgani, bu maftunkor go‘shani yanada taraqqiy, ma’mur, obod etish uchun yangidan-yangi kuch, imkoniyatlar safarbar etilayotganiga xalqimiz guvoh bo‘ldi.
Aytish kerakki, Parkent haqida tarixiy manbalarda, shu jumladan, buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida ham ma’lumotlar uchrashi bu tumanning nechog‘li qadimiyligidan darak beradi. Ha, Parkentning zumrad dalalari, zilol chashmalari, fayzli bog‘u uzumzorlarining ta’rifi yetti iqlimga yoyilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tumanga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi Parkentning avvalgi shuhratini qayta tiklagani ayni haqiqat.
“Yangilanayotgan Parkent” nomli to‘plamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida bildirgan qimmatli fikrlari, muhim topshiriqlari “Parkentni eng go‘zal va obod go‘shalardan biriga aylantiramiz” nomli zalvorli sarlavha bilan taqdim etilgan.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, nainki Parkent, balki ushbu go‘zal go‘sha bahonasida Zomin, Baxmal, Sariosiyo, Kitob va boshqa tabiati maftunkor tumanlarning imkoniyatidan unumli foydalanish, shu orqali yurtimizni yanada obod, xalqimiz hayotini farovon, to‘kin etishga oid amaliy taklif va tashabbuslar kitobxonni befarq qoldirmaydi.
To‘plamda shuningdek, tumanda yangi va zamonaviy turar-joylar, mavzelar, ishlab chiqarish korxonalari, sayyohlik majmualari, ijtimoiy ob’ektlarni barpo etishga oid loyihalar, aniq fakt va ma’lumotlar Parkentning qiyofasi kelajakda emas, ertaning o‘zida yanada go‘zallashib ketishini yaqqol ko‘rsatadi.
Ustoz ijodkor, atoqli yozuvchi va publitsist Xayriddin Sultonov muharrirligida chop etilgan ushbu kitobda shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdumannop Bo‘riyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, jurnalist Rahmatilla Sheraliyev, tuman hokimi Sardor Isoqulov, O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, ijodkorlar G‘ayrat Sheraliyev hamda To‘xtamurod Hasanboyev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova, “G‘uncha” jurnali bosh muharriri, mohir jurnalist va adiba Dilfuza Shomalikova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Zohidjon Olov kabi ijodkorlarning Parkent haqidagi tahliliy, ham samimiy maqolalari, she’rlari bilan tanishish mumkin.
Kitobning “Shoirlar nazmida yangragan Parkent” bo‘limida yurtimizning ushbu so‘lim go‘shasiga bag‘ishlangan she’rlar bilan tanishasiz. “Parkentlik yoshlar – yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” nomli bo‘limda esa tumanning yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yoshlari haqida ma’lumot keltirilgan.
Rang-barang fotosuratlar kitobning yanada jozibador, hayotiy bo‘lishini ta’minlagan. Bir so‘z bilan aytganda, “Yangilanayotgan Parkent” kitobi yurtimizning eng so‘lim go‘shalarida kechayotgan hayotning shiddatli jarayonlarini o‘zida aks ettirgani bilan diqqatga sazovor.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari