Yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘ib qilinmoqda
Beruniy tumanidagi “Rayhon apparel” mas’uliyati cheklangan jamiyatida O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” shiori ostida tadbir tashkil qilindi.

Uchrashuvda Nukus “Ona va bola skrining” markazi direktori, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining Ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Kalandarova, O'zLiDeP Beruniy tuman Kengashi apparat rahbari R.Yuldasheva, partiya faollari va boshqalar bugun barcha sa’y-harakatlar inson qadrini yuksaltirishga qaratilgani, bosh qomusimizga kiritiladigan jamiki o‘zgarishlarning negizida ham mamlakatimizda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlashdi. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ijtimoiy faoliyatini oshirish bo‘yicha belgilanayotgan yangiliklarga urg‘u berildi. Partiyaning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, klaster va fermerlar loyihaning muhokamasiga befarq bo‘lmadi, ko‘plab takliflar berishdi, bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashdi. Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks ettirildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ularning aksariyati mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlardir. Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli iqtisodiy tashabbuskor tadbirkorlar va ishbilarmonlar sinfi shakllandi. Katta imtiyozlar va preferensiyalar berilgani, tekshiruvlarning keskin cheklangani, erkin faoliyatni kafolatlovchi qonunlar qabul qilingani mamlakatimizda tadbirkorlar taraqqiyoti uchun zarur asoslarni yanada mustahkamladi. Natijada, kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga ko‘paydi. Tadbirkorlik sub’ektlarida ish bilan band bo‘lgan aholi vakillari soni ham bir necha barobar oshdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada mulkdorlar, tadbirkorlar manfaatlaridan kelib chiqib kiritilayotgan o‘zgarishlar bu boradagi yutuqlarni yanada yangi bosqichga olib chiqadi.

Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun sharoitlar yaratish borasidagi majburiyatlari belgilanyapti. Shuningdek, Konstitutsiyada barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning, qonunchillikka muvofiq, har qanday faoliyatni mustaqil tanlashga va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanishi katta ahamiyatga molik. Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasini bosh qomusimizda belgilash – partiya a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘lyapti. Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi.
Targ‘ibot-tashviqot tadbiri davomida barcha xotin-qizlarni xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.
Tadbir tuman madaniyat bo‘limi xodimlarining dilrabo kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA