Yangibozorlik belbog‘li kurashchilar shijoati
Yurtimizda yoshlarni ommaviy sportga jalb etish orqali iqtidorli sportchilarni kamolga yetkazishda joylardagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari murabbiylarining alohida o‘rni bor.
Aynan ularning sa’y-harakati natijasida bugungi kunda Vatanimizning sport shuhratini jahon maydonlarida munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar yetishib chiqayotganligini e’tirof etish lozim.
Xorazmning Yangibozor tumanida belbog‘li kurash bo‘yicha yuzlab yosh chempionlarga ustozlik qilib kelayotgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Bekbergan Boltayev ana shunday murabbiylardan biri. Ushbu murabbiyni bugun nafaqat mamlakatimiz yakkakurash olami, balki jahon belbog‘li kurashchilari yaxshi biladi, hurmat qiladi. Boisi, umrini sportga, belbog‘li kurash rivojiga bag‘ishlagan B.Boltayev musobaqalar, chempionat va xalqaro turnirlarda murabbiy va hakam sifatida hurmat qozongan.
Yana bir e’tiborli jihati, belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqalar, chempionat va birinchiliklarda Boltayev shogirdlari hech qachon medalsiz qaytmagan. Jumladan, joriy yil davomida o‘tgan birinchi MDH o‘yinlarida ham, xalqaro musobaqalaru chempionatlarda ham xorazmlik belbog‘li kurashchilar hamisha medallarni qo‘lga kiritib keldiki, bunda shijoatli murabbiy Boltayevning alohida xizmatlari bor. Birgina misol, shu yilning 4-7 sentyabr kunlari Tataristonning Mamadish shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 2004-2006 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida B. Boltayev murabbiyligidagi Yangibozor tumani BO‘SMning 34 nafar sportchisidan iborat O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Xorazm kurashchilari bellashuvlarda 8 oltin, 7 kumush va 16 bronzadan iborat jami 31 ta medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston belbog‘li kurash tarixida o‘ziga xos natijaga erishdi.
- Sport mashg‘ulotlariga qiziqishim 10-11 yoshlik davrimda boshlangan. Avvaliga yunon-rum kurashi, keyinchalik sambo va dzyudo bilan shug‘ullanganman. Ustozim Ollanazar Davletov qo‘l ostida sport ustaligiga nomzod bo‘lganman. Biz shug‘ullangan paytlar sportga e’tibor u qadar yuqori emasdi, rosti. Bundan tashqari, musobaqalardagi nohaqliklar ko‘nglimizni xira qilardi. Shunday paytlarda ustozimning daldasi bilan yana mashg‘ulotlarni davom ettirishga kirishardik. Shukrki, bugun biz erisha olmagan natijalarni Rahmatjon Shomuratov, Zamira Ahmedova, Ullijon Davletova, Shoira Qalandarova, Nusrat Yuldashev, Ogabek Amatbayev va Gulyor Rahmonova kabi shogirdlarimiz qayd etmoqda. Ayniqsa, farzandim Mohinur Rahmonova 2020 yilda sport ustasi talabini bajarganligi, 3 marta yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, 2 marta yoshlar o‘rtasida jahon chimpionatlarida bronza medalni qo‘lga kiritganligi orzularimiz ro‘yobga chiqayotganidan dalolat. Bilasizmi, shogirdingiz shohsupaga ko‘tarilib uning g‘alabasi sharafiga Vatan madhiyasi yangrasa, bundan-da ortiq baxt bo‘lmasa kerak, - deya hayajonini yashirmadi B.Boltayev.

bugungi kunda Xorazmning Gurlan, Shovot, Xonqa, Urganch kabi tumanlaridagi to‘garaklarda yuzlab yoshlarning belbog‘li kurash bilan shug‘ullanishi, respublika va xalqaro musobaqalarda munosib o‘rinlarga sazovor bo‘lishida B.Boltayev qo‘l ostida shug‘ullangan yosh murabbiylarning alohida o‘rni bor, albatta.
O‘tgan davr mobaynida ularning hamjihatlikda olib borgan ishlari sababli xorazmlik sportchilar belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan chempionatlarda 2 oltin, 4 kumush hamda 10 dan ziyod bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Yangibozor tumanida 100 nafardan ortiq iqtidorli sportchilar belbog‘li kurash bilan muntazam shug‘ullanayotganligi tahsinga sazovor. Albatta, ularning orasidan hammasi ham chempion bo‘lmasligi mumkin. Eng muhimi, sport mashg‘ulotlari orqali minglab oilalarga jismoniy tarbiya va sport, sog‘lom turmush tarzi tamoyillari kirib bormoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA