“Yangi yilni yangi uyda kutib olyapmiz”
Yangi yil bayrami arafasida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida 294 xonadonli 7 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Yurtimizda keyingi yillarda aholini uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga subsidiya berish orqali ularning o‘z xonadoniga ega bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Ikkinchi guruh nogironi Sevara O‘roqova ham davlatimizning ana shu g‘amxo‘rligi bois o‘z uy-joyiga ega bo‘ldi.
[gallery-21112]
– O‘z uyimiz yo‘qligi sababli 15 yildan buyon ijarada yashab keldik, – deydi Sevara O‘roqova. – Buning azobini boshidan o‘tkazganlar biladi. Xudoga shukr, bu yil bizning ham orzularimiz ushalib, oilamizga subsidiya ajratildi va shu asosida o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘im ishga joylashdi, menga ham ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu e’tibordan juda xursandmiz. Yangi yil yana ham omadli kelsin.
Tumanning Ko‘tarma mahallasidagi ko‘p qavatli turar joy majmuasida uy-joylardan tashqari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, ijtimoiy soha ob’ektlari ham qad rostlamoqda. Yangi uylar bilan birga zamonaviy savdo majmuasi va 200 o‘rinli bolalar bog‘chasi ham foydalanishga topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari