Yangi yil yarmarkalari aholi dasturxoniga (+video)
Bayramlarda aholi dasturxonlariga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlarni yetkazish maqsadida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi yarmarkalarini tashkil etish xayrli an’anaga aylangan.
Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi gavjum maskanlar hamda bozorlar atrofida ana shunday savdo rastalari xaridorlarni chorlamoqda. Xususan, Namangan shahrining Istiqlol ko‘chasida bo‘lib o‘tayotgan yarmarkada dehqon, fermer xo‘jaliklari va boshqa ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar o‘zlari yetishtirgan hamda tayyorlagan mahsulotlari bilan rastalarni to‘ldirishgan.

Savdo yarmarkalarida fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari hamda ishlab chiqaruvchilar tomonidan olma, sitrus mevalar, kartoshka, piyoz, guruch, go‘sht, un, shakar, o‘simlik yog‘i, tuxum, go‘sht va sut mahsulotlari, bayram dasturxonini to‘kin qilishga yetarli noz-ne’matlarni maqbul narxlarda xarid qilish mumkin. Ushbu savdo-sotiq orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish, muhimi xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan.

- Viloyat hokimining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan savdo yarmarkalarida har yili ishtirok etib kelamiz. Tumanimiz bog‘dorchilikka ixtisoslashgani sababli meva-sabzavotlardan mo‘l hosil yetishtiriladi, - deydi Yangiqo‘rg‘onning Mamay qishlog‘idagi “Dilshod Xurshid Abdulaziz” fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Sotiboldiyev. – Xo‘jaligimizda yetishtirilgan olma, kartoshka kabi nozu ne’matlarni o‘zimizni muzlatkichlarda sifatli saqlagan holda, qish faslida ham iste’miolchilarga yetkazib kelyapmiz. Yarmarkada ham mahsulotlarimizni xaridorlar arzon narxlarda xarid qilishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari 2024 yil 5 yanvarga qadar davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA