Yangi yil bayrami yangi uylarda nishonlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutitsiya qabul qilinganligining 28 yilligi arafasida Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Pastguzar” massivida ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
E’tirof etish lozimki, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi amalga oshirilmoqda.

Mazkur mahallada “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmasi bilan 4 qavatli, ikki-uch xonali 96 xonadondan iborat to‘rtta ko‘p qavatli uy qurib bitkazildi. Shinam va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xonadonlar asosan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar, mehnat migrantlari, nogironligi bo‘lgan kishilar, yosh oilalar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun ajratildi.

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh oilalar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar, kam ta’minlangan uy-joysiz qolgan 31 kishiga xonadonlarning dastlabki boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berildi. E’tiborlisi, bunday g‘amxo‘rlikdan Mehribonlik uyining ikki nafar tarbiyalanuvchisi ham bahramand bo‘ldi. Shuningdek, 21 mehnat migranti oilasi va uy-joyga ehtiyojmand 44 fuqaro ham yangi uylarga ko‘chib kirdi.

– Yolg‘iz boshimda nogironligi bor 11 yoshli bolam bilan birga og‘ir sharoitlarda yashadim. Oxirgi besh yil davomida ijarama-ijara yurishga majbur bo‘ldik. Ammo ko‘nglimda kichik vatan hisoblanmish – alohida uy-joyga ega bo‘lishdek istak so‘nmadi. Mana endi ko‘rkam xonadonga ko‘chib kirganimizdan bag‘oyat xursandman. Ana shunday ezgu ishlar boshida turgan insonlardan minnatdorman, – deydi Gulbahor Sayidazimova.

Habiba Normirzayeva uzoq yillar ximik-agronom bo‘lib ishlab, hozirda keksalik gashtini surmoqda. Zamonaviy uylarga ega bo‘lish istagiga o‘zi erisholmadi. Ammo bunday baxtga bugun farzandlari erishganidan xursand. Tug‘ma gapirolmaydigan va eshitolmaydigan o‘g‘li Sherxon va kelini Robiya yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Yosh oila uchun xonadonning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan amalga oshirib berilgani yuksak e’tiborning chinakam ifodasidir.
Darvoqe, yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida zamonaviy turar-joy binolari bolalar maydonchasi, maxsus chiqindi tashlash joyi, issiqlik manbai, toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlandi. Massivga 580 metr ichki kirish yo‘llari bajarildi. Buning uchun 14 milliard 900 million so‘m miqdoridagi mablag‘ sarflandi.
Ko‘p qavatli uylarni topshirishda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov xonadon sohiblarini tabriklab, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.